Bank kassasidagi 1,5 mlrd soʻmni oʻzlashtirgan ofis boshligʻi aniqlandi

    Namangandagi tijorat bankining Yangiqoʻrgʻon bank xizmatlari ofisi boshligʻi D.Sh. filial kassasidagi 1,5 mlrd soʻmni oʻzlashtirdi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining rasmiy Telegram-kanali maʼlum qilindi.

    Aniqlanishicha, ofisi boshligʻi D.Sh. kassa xodimlari M.A. va O.T.ga filial kassasidagi 1,5 mlrd soʻmni goʻyoki Buvayda bank xizmatlari markaziga madad puli sifatida yuborishini aytgan va pullarni hech qanday hujjatsiz olib ketgan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda mazkur pullari hisobidan u Chust tumani, “Guliston” MFY hududida qurilgan koʻp qavatli uydan 3-xonali kvartira hamda “Malibu” rusumli avtotransport vositasini xarid qilgan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.