Fargʻonada KOICA bilan sheriklikda tashkil etilgan kasb-hunarga oʻqitish markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

    Ijtimoiy hayot 1 Iyun 2022 1730

    Fargʻona shahrida Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA bilan sheriklikda tashkil etilgan kasb-hunarga oʻqitish markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Kim Xi Sang, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muxitdinov, Koreya xalqaro hamkorlik agentligining Oʻzbekistondagi ofisi direktori Pak Sunjin, viloyat va shahar hokimligi masʼullari, Fargʻonadagi yirik Koreya kompaniyalari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

    Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori doirasida tashkil etilgan ushbu markaz loyihasini amalga oshirish uchun Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan 9 million 320 ming dollar miqdorida investitsiya kiritilib, zamonaviy oʻquv binosi, yotoqxona, oshxona va sport zalidan iborat majmua barpo etildi. Markazga barcha zamonaviy uskuna va jihozlar Janubiy Koreyadan olib kelingan. Oʻquv-mashgʻulotlari ham ushbu mamlakat dastur va qoʻllanmalari asosida oʻtiladi.

    Markaz uchun tanlangan 5 ta – elektronika, axborot texnologiyalari, avtomobilsozlik, tikuvchilik va kosmetologiya taʼlim yoʻnalishlari viloyat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

    Amaliyotga asosiy eʼtibor qaratilgan ushbu oʻquv markazida bir yilda 480 nafar ishsiz fuqaroni kasbga oʻqitish imkoniyati mavjud. Oʻquvchilar 6-8 oylik kurslarda kasbiy taʼlim olishadi.

    Hozirgacha mamlakatimizda bu kabi markazlar Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida bor edi. Fargʻonada tashkil etilgan yangi markaz esa vodiy viloyatlari aholisiga xizmat koʻrsatadi.