Bu haqda Hindiston mudofaa vaziri Rajnatx Singx Ahmadoboddagi saylovoldi yig'ilishida so'zlagan nutqida aytib o'tdi.
“2014-yilda biz 6 milliard rupiy (72 million dollar) qiymatidagi mudofaa mahsulotlarini eksport qilgan bo'lsak, hozir bu ko'rsatkich 210 milliard rupiydan (2,5 milliard dollardan ortiq) oshdi va shuni aytishim mumkinki, bu ko'payadi”, deya Singx so'zlaridan iqtibos keltirdi Press Trust of India axborot agentligi.
Vazir, shuningdek, Hindiston xalq partiyasi vakili bo'lgan Narendra Modi hukumati respublikada mudofaa mahsulotlari hindlarning o'zlari tomonidan ishlab chiqarilishini ta'minlash tarafdori ekanini aytdi. “Bugun biz 1 trillion rupiydan (12 milliard dollar) ortiq mudofaa mahsulotlari ishlab chiqarish hajmiga erishdik”, dedi u.
Hindiston 85 mamlakatga mudofaa mahsulotlarini yetkazib beradi. Nyu-Dehli keng turdagi qurollarni taklif etadi, jumladan artilleriya, BrahMos Aerospace Hindiston-Rossiya qo'shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan BrahMos tovushdan tez uchuvchi qanotli raketalar, zenit-raketalar va Pinaka uchirish moslamalari, torpedalar, radarlar, trenajyorlar, zirhli transport vositalari, aviatexnikalar, shu jumladan, vertolyotlar va samolyotlar, harbiy va patrul kemalari, tanklar, riadioelektron urush tizimlari va boshqa qurollarni ishlab chiqaradi, deb xabar beradi tass.ru.