Raqobat qoʻmitasi tomonidan ichki bozorda ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar, xususan shakar mahsuloti realizatsiyasi doimiy tahlil qilib borilmoqda.
Ichki bozorda shakarga boʻlgan ehtiyoj bir yilda oʻrtacha 600 – 650 ming tonnani tashkil etib, mahalliy shakar ishlab chiqaruvchi korxonalarda (quvvati 1,2 mln tn.dan ortiq) ehtiyojni toʻliq qoplash imkoniyati mavjud.
Xususan, bugungi kun holatiga mahalliy shakar zavodlarida 258 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan.
Shundan, omborda 22 ming tonna tayyor shakar va 83 ming tonna xomashyo, shuningdek, iyun oyiga qadar 153 ming tonna xomashyo yetkazib beriladi.
Bundan tashqari, joriy yilning birinchi choragida respublikaga jami 65,5 ming tonna shakar, asosan Rossiya, Qozogʻiston va Belarus davlatlaridan import qilingan.
Taʼkidlash joizki, joriy yil 16-apreldan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan birja savdolariga qoʻyiladigan shakar mahsulotining kunlik hajmi 20 foizga (2 100 tonnadan – 2 500 tonnaga) oshirilib, boshlangʻich narxi 6 foizga (13 600 soʻmdan – 12 860 soʻmga) pasaytirildi.
Maʼlumot uchun: Bugungi kunda (16-aprel) mahalliy korxonalar tomonidan birja savdolariga jami 2 500 tn shakar mahsuloti boshlangʻich narxi 12 860 soʻmdan qoʻyilib, 88 foizi (yoki 2 206 tnsi) 1 kg uchun oʻrtacha 13 039 soʻmdan realizatsiya qilingan.
Shu bilan birga, dehqon bozorlari (yelga xizmat rastalari) va yirik savdo tarmoqlarida shakar mahsulotining chakana narxi avvalgi vaqtga nisbatan arzonlashgan boʻlib uning 1 kg uchun 13 000 soʻmdan sotilishi taʼminlanmoqda.