IIB bola qoʻliga igna qay tarzda kirganini tekshirmoqda — Bolalar ombudsmani

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Bogʻcha opa tomonidan bola kaltaklanib qoʻliga igna tiqildi” sarlavhasi ostida video tarqaldi. Bolalar ombudsmani mazkur holatni nazoratga olganini maʼlum qildi.

    Aniqlanishicha, videodagi holat 2023-yilning noyabr oyida Gurlan tumani, 23-sonli bogʻchada sodir etilgan.

    Ushbu bogʻchada tarbiyachi boʻlib ishlovchi F.S. bogʻcha tarbiyalanuvchilari M.X., T.Sh. (2018-yilda tugʻilgan oʻgʻil bolalar)ning goʻyoki bir-biri bilan urushgani vaji bilan qoʻpol munosabatda boʻlgan va bolalar yuziga bir necha bor tarsaki tushirgan. Bu holat videotasvirga tushgan.

    Mazkur holatni, shuningdek, bolaning qoʻliga igna qay tarzda kirganligini aniqlash yuzasidan hozirda Gurlan tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot beriladi.