Janob Mantovanelli “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va joriy yil mart oyida qabul qilingan Prezident qarori doirasida Agentlikning strategik islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Ayni paytda Oʻzbekiston va Jahon banki energetika, qishloq xoʻjaligi, yer-suv masalalari, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa sohalari boʻyicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelyapti.
Xususan, Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birgalikda “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qonun joriy yilda iqtisodiyot tarmoqlariga 50 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb etishda ishonchli huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Tomonlar, shuningdek, Jahon bankining turli masalalar boʻyicha tavsiyalarini koʻrib chiqish va amalga oshirish, umuman, samarali ishlarni tashkil etishning yangi mexanizmini ishga tushirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati.