Ota farzandining 18 yoshigacha toʻlanadigan alimentini oldindan toʻladi

    Fargʻona viloyati Rishton tumanida yashovchi ota farzandi uchun 18 yoshga toʻlguniga qadar toʻlashi kerak boʻlgan aliment pullarini avvaldan toʻlab qoʻydi.

    Maʼlum boʻlishicha, fuqarolik ishlari boʻyicha Rishton tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor A.X. undiruvchi M.X.ning foydasiga voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment undirish belgilangan.

    Taʼkidlanishicha, farzandlarining moddiy taʼminoti va majburiyatini anglagan qarzdor A.X. aliment toʻlash majburiyatini olgan boʻlsa-da, farzandining 18 yoshgacha boʻlgan aliment pullarini sobiq turmush oʻrtogʻi bilan oʻzaro kelishgan holda oldindan toʻlab berishini aytib, Majburiy ijro byurosining Rishton tuman boʻlimiga murojaat qilgan.

    Byuroning davlat ijrochisi tomonidan hisoblab berilgan 50 million soʻm aliment pullarini sobiq turmush oʻrtogʻi toʻliq olgandan soʻng hujjatlar rasmiylashtirilib, ijro xujjati tamomlandi.