“Oʻzenergoinspeksiya”ning Qashqadaryo, Navoiy va Namangan hududiy boshqarma boshliqlari rotatsiya qilindi

    Lavozimga loyiqlik boʻyicha oʻtkazilgan attestatsiyada 74 ta xodimning bilim darajasi qoniqarsiz deb topilgan.

    «Oʻzenergoinspeksiya»da joriy yilning 4 oylik yakuni boʻyicha hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 4 oyi davomida respublika boʻyicha isteʼmolchilar tomonidan yoqilgʻi energiya resurslaridan samarasiz va noqonuniy foydalanishlarning oldini olish boʻyicha 41 ming 592 ta profilaktika tadbiri oʻtkazildi.

    Isteʼmolchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha 2 ming 433 ta maʼmuriy ish rasmiylashtirilgan.

    Shuningdek, lavozimga loyiqlik boʻyicha oʻtkazilgan attestatsiyada 74 ta xodimning bilim darajasi qoniqarsiz deb topildi.

    Yigʻilishda toʻrt oy yakuni boʻyicha hududlarda ishlarni yetarli darajada tashkil qilinmaganligi va sustkashlikka yoʻl qoʻyganligi uchun Surxondaryo hududiy boshqarma boshligʻi lavozimidan ozod etildi hamda Qashqadaryo, Navoiy va Namangan hududiy boshqarma boshliqlari Inspeksiya boshligʻining koʻrsatmasiga asosan rotatsiya qilindi.

    Shu bilan birga, ijro intizomini buzganligi uchun Andijon va Sirdaryo hududiy boshqarmasi boshliqlariga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.

    Yigʻilishda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishda qonun-qoida talablariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha doimiy davlat nazoratini olib borilishi yuzasidan koʻrsatmalar berildi.