Darhaqiqat, “Sayxunobod tajribasi” butun respublikamiz boʻylab ommalashayotgani sayxunobodliklar koʻksini faxrga toʻldirgani rost.
Agar yaqin orada Sayxunobod tomonlarga yoʻlingiz tushgan boʻlsa, keng va ravon yoʻllar, umumfoydalanuvdagi yoʻllar boʻyidagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari bunyodkorliklar va yangilanishlarga yoʻl ochganiga amin boʻlasiz.
— Yurganga yoʻl yaxshi, deydi Sirdaryo viloyati Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Zafar Umarqulov. — Ayniqsa, yaqindagina taʼmirlangan yoʻldan yurish esa har qanday yoʻlovchi va haydovchini quvontirishi tayin. Joriy yil bahorida Sayxunobod tumani hududidan oʻtgan davlat ahamiyatidagi 4R-25 “A-373 avtoyoʻli—Sayxun қ.—Бахт ш.—Қозоғистон Respublikasi chegarasi” avtomobil yoʻlining 45—51-kilometri oraligʻida amalga oshirilgan taʼmirlash ishlari xalqimizni yanada quvontirdi.
Yoʻl qoplamasining 37 000 m2 qismiga 5 600 tonna asfaltbeton mahsuloti yotqizilib, yoʻl chetiga 2500 m3 qum-shagʻal aralashmasi va 400 m3 sheben yoyildi.
Mazkur yoʻlga yondosh boʻlgan piyodalar yoʻlagining ostki qismiga 400 m3 qum yoyilib, 662 dona beton plita oʻrnatilishi natijasida xavfsiz va qulay piyodalar yoʻlagi barpo etildi.
Shuningdek, harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida yoʻlning taʼmirlangan qismiga 110 dona ogohlantiruvchi ustunchalar oʻrnatilib, avtomobil yoʻlining 6 kilometr qismiga yoʻl yotiq chiziqlari chizildi.
Avtomobil yoʻlining 6 kilometr qismiga 95 dona yoʻl belgisi va 50 dona yoʻl belgisi ustunlari oʻrnatildi.
Shuni taʼkidlash kerakki, taʼmirlash jarayonlariga 150 ga yaqin texnika hamda 300 nafardan ortiq ishchilar jalb etildi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda, jumladan Sirdaryo viloyatida yoʻl infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoʻl xoʻjaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 10-oktyabrdagi PQ-330-son qarori dasturilamal boʻladi. Sayxunobodning obod va ravon yoʻllari esa fikrimiz dalilidir.