Xotin-qizlardan OTMlarda oʻqish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi

    Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi mutaxassisligi boʻyicha kamida 5-yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish uchun arizalar qabul qilish boshlanganligini maʼlum qildi.

    Mutaxassisligi boʻyicha kamida 5-yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar davlat oliy taʼlim muassasalariga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinishi belgilangan.

    Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi boʻlgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tavsiyanomasiga ega boʻlishlari lozim.

    Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:

    • oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi (kollej, texnikum diplomiga ega boʻlishi);
    • tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi (davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalarida oʻqimayotgan boʻlishi kerak);
    • oʻrta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega boʻlishi (oʻrta maxsus diplomini qaysi mutaxassislik boʻyicha tugatgan boʻlsa, shu mutaxassislik boʻyicha kamida 5-yil ishlagan boʻlishi kerak).

    Mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan, oʻrta maxsus yoki professional taʼlim muassasalarini tamomlagan talabgorlar joriy yilning 1-iyuniga qadar ariza bilan tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar boʻlimlari huzuridagi Mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha doimiy yashash yoki vaqtincha roʻyxatda turgan joyidagi tuman (shahar) Ishchi guruhlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

    1. Fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi.

    2. Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan koʻchirma.

    3. Oʻrta-maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha diplom.

    Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda 1-7-iyun kunlari koʻrib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qabul qilinadi.

    Ishchi guruh xulosasi asosida xotin-qizlarga tavsiyanoma berishga tavsiya etish yoki uni rad etish toʻgʻrisida 7-10-iyun kunlari tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimi boshliqlari tomonidan qaror qabul qilinadi hamda uni Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.

    Har yili 10-iyundan 14-iyunga qadar Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan qaror va unga ilova qilingan hujjatlar koʻrib chiqilib, Qoʻmita raisining tavsiyanomalarni berish yoki uni rad etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi chiqariladi.

    15-iyunga qadar tavsiyanomalar oʻrnatilgan tartibda oʻz egalariga yetkaziladi.

    Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab uch yil muddat davomida faqat bir marta oliy taʼlim muassasasiga qabul qilinishi uchun amal qiladi.