Yirik korxonalarni xususiylashtirishga xorijiy ekspertlar jalb etiladi

    Moliya 29 Aprel 2024 324

    2024-yil 19-aprelda “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-163-sonli qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ustav kapitalidagi aksiya paketlarini (ulushlarini) xususiylashtirish oldi tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirishga masʼul boʻlgan ishchi guruhlar tarkibi tasdiqlandi.

    Ushbu guruhlarning vazifalaridan biri – savdo jarayonlarini tashkil etish uchun professional konsultantlar jalb etilishi va korxonalar tomonidan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining barqaror koʻrsatkichlariga erishilishi.

    Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, ishonchli boshqaruvchilarni jalb etish va mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun xalqaro konsultantlar va yuridik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar “UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJ tomonidan jalb etiladi.

    2024-yil 1-iyuldan boshlab, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda:

    - korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish uchun kuzatuv kengashiga boʻysunadigan korporativ kotibiyatni tashkil etish;

    - korporativ boshqaruvning yangilangan qoidalari va axloq kodeksini joriy etish;

    - kuzatuv kengashining bayonnomalarini masofadan AKTdan foydalangan holda elektron ovoz berish byulletenlari orqali rasmiylashtirish imkoniyatini yaratish rejalashtirilyapti.

    Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

    - Professional konsultantlarni jalb etgan holda xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxati;

    Xalqaro fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkaziladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar roʻyxati.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 26-apreldan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.