Ular uchun tayyorlangan “Prezident sovgʻasi” tarkibida 12 turdagi oʻquv qurollari jamlangan boʻlib, sovgʻalar 25-avgustga qadar barcha maktablarga toʻliq yetkaziladi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik hamda 1-sinf oʻquvchilariga beriladigan “Prezident sovgʻalari”ni hududlarga yetkazish jarayonlariga bagʻishlangan press-tur tashkil etildi.

Tadbir doirasida vazirlik huzuridagi “Taʼminot va logistika xizmati” korxonasi tomonidan 1-sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan “Prezident sovgʻasi” karvoni hududlarga kuzatildi.

Maʼlum qilinishicha, 2026–2027-oʻquv yilida respublikadagi 10 225 ta umumtaʼlim maktabida 550 mingdan ortiq pedagog 6,7 milliondan ziyod oʻquvchiga taʼlim beradi. Yangi oʻquv yilida 795 mingdan ortiq bolani 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilgan boʻlib, 5-avgust holatiga koʻra, 680 ming nafar bola qabul qilingan. Bu rejaning 85 foizini tashkil etadi.

1-sinf oʻquvchilari uchun tayyorlangan “Prezident sovgʻasi” tarkibiga 12 turdagi oʻquv qurollari kiritilgan. Jumladan, oʻquv sumkasi, 12 ta daftar, ruchka, ikki dona oddiy qalam, rangli qalamlar toʻplami, rangli qogʻoz, plastilin, rasm daftari, ikki dona oʻchirgʻich, akvarel boʻyoqlari, yelim va qalamdon mavjud.

Vazirlik maʼlumotiga koʻra, oʻquv qurollari 15-avgustga qadar barcha hududlarga, 25-avgustga qadar esa qabul qilingan oʻquvchilar soniga muvofiq barcha maktablarga yetkaziladi. “Prezident sovgʻasi” “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlaridan soʻng birinchi sinf oʻquvchilariga tantanali ravishda topshiriladi.

Qayd etilishicha, sovgʻalar davlat maktablari bilan bir qatorda nodavlat taʼlim muassasalari hamda boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi maktablarda tahsil oladigan birinchi sinf oʻquvchilariga ham beriladi. Buning uchun adm.maktab.uz elektron platformasi orqali oʻquvchilarning nomma-nom roʻyxati shakllantirilgan.

Press-tur davomida birinchi sinf oʻquvchilari uchun tayyorlangan yangi darslik majmualari ham taqdim etildi. Mutaxassislar ularning mazmuni, tuzilishi va avvalgi nashrlardan farq qiluvchi jihatlari haqida maʼlumot berdi.

Tadbir oʻtkazilgan Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 202-umumtaʼlim maktabida yangi oʻquv yilida 1260 nafardan ortiq oʻquvchi taʼlim olishi, 175 nafar bola esa 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Maktabda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun inklyuziv sinflar tashkil etilgan boʻlib, hozirda 13 nafar oʻquvchi shunday sinflarda taʼlim olmoqda.