Obirahmat gʻoridan topilgan ushbu tosh qurollar oʻrta paleolit davriga (miloddan avvalgi 100-40 ming yillikka) mansub boʻlib, Markaziy Osiyo hududida inson faoliyatini oʻrganishda muhim ilk arxeologik manbadir. Ushbu topilmalar asosan chaqmoqtoshdan yasalgan, ayrim namunalarda kvarsit va boshqa mustahkam tosh jinslaridan ham foydalanilgan.

Qurollar urib yoʻnish va qirqib shakl berish usullari orqali tayyorlangan. Ular orasida pichoqsimon plastinalar, qirgʻichlar, teshgichlar, nayza va kamon oʻqlari uchi kabi turli funksiyaga ega ashyolar mavjud. Mazkur qurollar qirqish, teshib oʻyish, hayvon terisini ishlash, yogʻochga ishlov berish, suyakni parchalash hamda ov qilish jarayonlarida keng qoʻllangan.

Shuningdek, mikrolitlar, yaʼni kichik oʻlchamli, oʻta uchli tosh qurollar ham ibtidoiy inson tafakkurining muhim yutuqlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Ular, ­ayniqsa, mezolit va neolit davrlarida keng tarqalgan boʻlib, murakkab kompozitsion qurollar, masalan, yogʻoch yoki suyak asosga joylashtirilgan oʻqlar uchini tayyorlash imkonini bergan. Xomashyo sifatida chaqmoqtosh, kvarsit va obsidian kabi jinslar ishlatilgan.

Mazkur arxeologik materiallar ibtidoiy odamlarning ovchilik xoʻjaligi, mehnat malakasi va texnologik tajribasi muayyan darajada rivojlanganini koʻrsatadi. Ular insonning tabiat neʼmatlaridan ongli va maqsadli foydalanishni oʻrgangani, mehnat jarayonida tajriba toʻplab, qurolsozlik anʼanalarini takomillashtirganini yaqqol namoyon etadi.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri