Milliy suverenitet va davlat mustaqilligi har qaysi mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyotining eng asosiy sharti va garovidir. Bu hal qiluvchi omillar davlatning xalqaro huquq subyekti sifatida dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi, xalqning tinch va farovon hayotini ta’minlash, uning barcha manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Bizning milliy mustaqilligimiz mard va matonatli xalqimizning qat’iy irodasi, istiqlol yo‘lida kurashgan fidoyi ajdodlarimiz orzu-umidlarining ro‘yobi bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning mustahkam asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart bo‘lgan buyuk va muqaddas qadriyatdir.
Mamlakatimizning milliy suvereniteti va davlat mustaqilligi g‘oyalarining siyosiy-huquqiy kafolatlarini o‘zida mujassam etgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yo‘limiz inson qadr-qimmatini yuksaltirish, ko‘p millatli jamiyatimizda do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, mintaqada yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirish hamda Vatanimizning xalqaro obro‘-e’tiborini oshirishda mustahkam tayanch bo‘lib kelmoqda.
Milliy istiqlolimizning davlatchiligimiz tarixi, hozirgi va kelajak hayotimiz uchun beqiyos ahamiyatini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini Yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq yuksak darajada, munosib nishonlash maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagilar:
(a) “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan g‘oyaviy-badiiy konsepsiya va dastur 1- va 2-ilovalarga muvofiq;
(b) O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika komissiyasi (A. Aripov):
(a) mustaqillikning 35 yilligini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyat va tuman (shahar) markazlarida, barcha mahallalar, qishloq va ovullarda, shuningdek, vazirlik va idoralar tizimida munosib nishonlash maqsadida konsepsiyaning mazmuni va asosiy yo‘nalishlariga muvofiq chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish va ijro etishni ta’minlash.
Bunda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish:
(i) Yangi O‘zbekistondagi amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yuzaga kelgan ulkan imkoniyat va yutuqlarni keng yoritish;
(ii) mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror sur’atlarda jadal rivojlanib borayotganligi natijasida fuqarolarimizning turmush farovonligi ortib borayotganligini ko‘rsatib berish;
(iii) yurtimizning tinchligi va chegaralar daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi islohotlarni yoritish;
(iv) istiqlol tufayli milliy qadriyatlar, davlatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan yutuq va natijalar ahamiyatini ta’kidlash;
(v) nuroniylar, xotin-qizlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam manfaatlarini ta’minlashga, yoshlarning “Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari” sifatida bilim va kasb egallashlari, tadbirkorlik tashabbuslari va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishga zarur sharoitlar yaratilganligiga urg‘u qaratish;
(vi) millatlararo do‘stlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini saqlash va kuchaytirishni barcha fuqarolarning muqaddas burchi sifatida targ‘ib qilish;
(vii) bayram tadbirlariga barcha yoshlar, ijtimoiy va etnik guruhlar hamda vatandoshlarning faol jalb etilishini ta’minlash;
(b) ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy-ijodiy guruhlar tuzish hamda ular ishtirokida aprel – sentabr oylari davomida respublika bo‘ylab keng ko‘lamdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni o‘z ichiga olgan “Mustaqillik to‘yi” (festivali) tadbirlarini o‘tkazish;
(v) Toshkent shahrida o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik ko‘rishda taniqli ssenarist va rejissyorlar, shoir va yozuvchilar, xonanda va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilarni jalb etish;
(g) mustaqillikning 35 yilligi arafasida mamlakatimizning yirik sanoat, madaniyat, ta’lim va sport muassasalarining tantanali ochilish marosimlarini yuqori saviyada tashkil etish choralarini ko‘rsin.
3. Belgilansinki, Madaniyat vazirligi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha mas’ul tashkilot hisoblanadi.
4. Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 2026-yil 1-iyunga qadar milliy mustaqillik va suverenitet g‘oyalarini, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari qiyofasini o‘zida aks ettirgan “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Ushbu monument Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda 2026–2030-yillarda barpo etilayotgan umummilliy birdamlik bog‘larining markaziy qismida o‘rnatilishi hisobga olinsin.
5. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti tadqiqotlari instituti, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda 2026 yil 1 avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomini tayyorlasin.
6. Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 2026-yil aprel oyidan ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35, #Uzb35 xeshteglari ostida targ‘ibot aksiyalarini (fleshmoblar, podkastlar, viktorina va boshqalar) boshlasin.
7. Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy media birlashmasi 2026-yil aprel oyidan boshlab “35 yillik Istiqlol yilnomasi” ruknida mustaqilligimizning tarixiy bosqichlari, erishilgan yutuqlar va bunyodkorlik ishlarini yorituvchi turkum hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar tayyorlash va telekanallarda namoyish etilishini ta’minlasin.
8. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Adliya vazirligi hamda Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining 2026-yil avgust oyida Toshkent shahrida “Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
9. Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita “Vatandoshlar” jamoat fondi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2026 yil avgust–sentyabr oylarida xorijdagi vatandoshlar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil O‘zbekiston – g‘ururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etsin.
10. Markaziy bank 2026-yil 1-sentabrga qadar “Mustaqillikning 35 yilligi” esdalik oltin tangasini zarb etish choralarini ko‘rsin.
11. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Transport vazirligi 2026-yil 1-mayga qadar tegishlicha yangi tashkil etilgan mahallalardan hamda temir yo‘l stansiyalaridan biriga “Mustaqillikning 35 yilligi” nomini berish bo‘yicha takliflarni kiritsin.
12. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:
(a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda homiylik mablag‘lari hisobidan;
(b) Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligiga yurtimiz mustaqilligi, Yangi O‘zbekistonning rivojlanish yo‘li va xalqimizning birdamligi haqida turkum materiallar tayyorlash va tarqatish tavsiya etilsin.
14. Respublika komissiyasi mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish, zarur hollarda, qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishni ta’minlasin.
15. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev