Adolat — farovon jamiyatning poydevori, inson qadr-qimmati va ijtimoiy taraqqiyotning asosiy sharti. Tarix guvohlik beradiki, adolat hukm surgan oʻlkada xalq toʻkis, farovon yashaydi, adolat poymol qilingan joyda esa ijtimoiy ziddiyatlar va inqirozlar yuz beradi.

Oʻzbekiston mustaqillik yillarida bu haqiqatni oʻz tajribasida sinab koʻrdi. Yangi Oʻzbekiston davri adolat va inson qadrini tiklash yoʻlidagi ulkan sinov va katta natijalarni oʻz ichiga oladi.

Adolatli jamiyat qurmoq uchun, avvalo, oʻtmishdagi xato va kamchiliklarni tan ol­moq, ularni tuzatmoq lozim. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston sud tizimidagi islohotlar, inson huquqlarini himoya qilish borasi­dagi chora-tadbirlar, afv siyosati va kechi­rimlilik tamoyillariga tayanish shuncha­ki siyosiy qarorlar emas, balki maʼnaviy ulugʻvorlik ifodasidir. Zero, faqat oʻzi­ga ishongan insongina kechirimli, oʻziga ishongan xalqqina bagʻrikeng boʻladi.

Bir umr — bir umid

2012-yilning avji saratoni. Oʻsha mashʼum, mahzun kunlar Toshkent davlat sharqshunoslik institutining isteʼdod­li aspiranti Sherzod Joʻrayevning umrini ikki qismga boʻlib yubordi — “qamoqdan oldin” va “qamoqdan keyin”. Yaqin doʻstim, yosh olim poraxoʻrlikda ayblanib, hibsga olindi. Tergov-sud hujjatlarida yozilishicha, u bir yil oldin, yaʼni 2011-yil birinchi avgust kuni institut pro­rektoridan oʻn ming dollar miqdorida pul olib, bir abituriyentga imtihon pay­ti tarix fanidan test savollarini yechib bergan.

Aslida, ayblov oʻta zaif poydevor­ga qurilgan edi. Avvalo, oʻsha yili oliy oʻquv yurtlariga kirish imtihoni hayit bayramiga toʻgʻri kelgani sababli 1 av­gust emas, balki 2-avgustda oʻtkazilgani huquqiy jihatdan muhim dalil edi, yaʼni pora berilganiga guvohlik qilishi kutil­gan sanadan bir kun oldin imtihon hali boshlanmagandi.

Yana bir muhim holat: prorektorning “pora beriladi” deb koʻrsatilgan xonasi oʻsha kunlarda — 1-avgustda va undan ikki kun ilgari Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan muhrlangandi. Muhrlangan, qatʼiy nazorat ostidagi xonada noqonu­niy oldi-berdilar amalga oshishi mumkin emasligi kundek ravshan-ku. Biroq oʻsha davrning huquqiy odatiga koʻra, sud, ter­govchi va prokuror uchun bu kabi muhim da­lillar jilla ahamiyat kasb etmasdi. Top­shiriq bilan ochilgan jinoyat ishi soʻzsiz bajarilishi lozim edi, majburlov orqa­li olingan koʻrsatma esa kishini qamoqqa tashlash uchun kifoya hisoblanardi.

Tahlillarga qaraganda, oʻsha yillar­da sudlov amaliyotida majburiy koʻrsat­ma mustaqil isbot vositasi baholanib, uning asosida koʻplab beayb fuqarolar jazo muassasalariga joʻnatilgan.

Sherzod Joʻrayev uch yarim yil umrini panjara ortida, simtikan devorlar oʻr­tasida oʻtkazdi. Uch yarim yil — shunchaki raqam emas. Bu — yosh olim ilmiy karyera­sining toʻxtatilgan yillari, farzandlaru yaqinlar sogʻinchi, oila va doʻstlar nazari­da or-nomus deb atalgan javharning sini­shi...

Ozodlikka chiqqan Sherzod Joʻrayev dunyodan butkul umidini uzgan edi. Oʻzi va farzandlari kelajagiga ishonchi soʻngan, tafakkuri pajmurda, qalbi yaralangan in­son sifatida jamiyatga qaytdi u. Darvoqe, yosh olimning taqdiri “Birinchi avgust” (ssenariy muallifi — kamina) badiiy filmida muayyan darajada koʻrsatilgan.

Yangi Oʻzbekiston sharoitida bu hi­koya boshqacha yakun topdi. Jadal sudlov islohotlari, oʻtmishni xolislik asosida taftish etish siyosati va huquqiy adolat­ni tiklash mexanizmlari tufayli Sherzod Joʻrayev Oliy sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Ish qayta koʻrildi va u toʻliq oqlandi! Tergov-sud hujjatlari­da unga nisbat berilgan barcha ayblovlar asossizligi tasdiqlandi.

Bugun u ilm-fan sohasida yana faol izlanishlar qilayotgan tadqiqotchi, XV asrning buyuk maʼrifatparvar hukmdori Husayn Boyqaro davrida kechgan siyosiy va madaniy jarayonlar boʻyicha dissertatsiya himoya qilish arafasida. Ayrimlar tuh­mat toshi yosh olimni bosib-yanchib tashlay­di deb oʻylagan boʻlsa ajab emas. Ammo insofu adolat boʻhton toshini yakson etib, qaddi dol boʻlganlarni alifdek rost qil­moqqa qodir ekan!

Sherzod Joʻrayevning ishi yagona holat emas. Yangi Oʻzbekistonda Oliy sud nazora­ti tartibida minglab ishlar qayta koʻril­di. Sud islohotlari boshlanganidan buyon yuzlab kishi noqonuniy ayblov toʻgʻrisi­dagi xulosa asosida oqlandi yoki jazosi kamaytirildi. Bu raqamlarning har biri ortida Sherzod Joʻrayevniki kabi bir oila, bir umr, bir umid yotadi.

Afvga vafo, ahdga sadoqat

Adolat faqat tuhmatni fosh etish, be­aybni ozod qilishdan iborat emas. Ado­latning yana bir yuksak namunasi yanglish yoʻlga kirgan, bejo qadam qoʻygan insonni kechirish, unga ikkinchi imkon berish va jamiyatga qaytarishdir. Yaqin oʻtmishda jinoyat sifatida baholangan xatolarning ayrimlari yosh va tajribasizlik, baʼ­zan tashqi taʼsirlar tufayli yuz bergan. Shunda ham mutanosib boʻlmagan ogʻir ja­zolar qoʻllangan, kechirimlilik esa ikkin­chi darajali xislat hisoblangan.

2015-2016-yillarda internetda “Abdul­loh Nusrat” taxallusi ostida konstitutsiyaviy tuzumga oid noqonuniy va nomaqbul bitiklar, siyosiy-tanqidiy maqolalar tarqatilayotgani aniqlanadi. Tergov jarayo­nida maʼlum boʻlishicha, bu ishning ortida yosh navoiyshunos olim Akrom Malik tur­gan. Isteʼdodli, qobiliyatli, adabiyotshu­noslik ilmining umidli vakili sifatida baholanayotgan, menga shogird maqomida boʻlgan bu yigit tashqi kuchlar taʼsiriga tu­shib qolgan, oʻzi tushunib-tushunmay noravo yoʻlga kirib ketgan edi.

Akrom Malik sud hukmiga muvofiq, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etil­di. Oʻsha davr mantigʻiga koʻra, bu jazo “oʻta yumshoq” deb hisoblanishi mumkin edi. Binobarin, siyosiy motivdagi jinoyatlar­da ayblanganlarga koʻpincha ancha ogʻirroq jazo qoʻllanilardi.

2017-yili Akrom Malik Prezidenti­mizga murojaatnoma yoʻlladi.

“Ichkari” oʻsha paytlar jahannamni eslatar edi. Inson zotidan bi­ror himoyaching boʻlishi mumkin emas edi bu makonlarda. Har qanday inson iztirob va koʻzyoshlar ila “Qamoqlar tiriklar qabristoni ekan!” deb yuborar edi. Tushkunlik toʻla yuraklardan yorugʻ kunlar umidi sham kabi oʻchardi. Menda ham shunday boʻldi...

Oradan bir yil oʻtdi. Tashqaridan koʻngillarga taskin beruvchi mujdalar kela boshladi. Biz mahkumlarda ham tiriklikka, hayotga umid uygʻona bordi. Chunki Siz boshlagan siyosatning epkinlari qa­moqxonalarga ham kirib borgan edi. Jumladan, birdan qamoq xodim­larida muomala oʻzgardi, siyosiy-diniy mahkumlar guruh-guruh boʻlib ozodlikka chiqa boshladi... Men bu ishlarda adolat­parvar insonning qatʼiyatini koʻrdim. Qamoqlarda insoniy muhit paydo boʻlga­ni, mahkumlar haqlarining tiklangani Shavkat Mirziyoyev siyosatining muhim gʻa­labasi, yuksak natijasidir!” deb yozgan edi Akrom Malik davlatimiz rahbariga yoʻllagan murojaatnomalaridan birida.

Yosh olimning ichki dunyosi, ijodiy sa­lohiyati hamda tarix, adabiyot sohasidagi tadqiqotlarga qoʻshib kelayotgan hissasi­ni yaxshi bilgan hamkasblar, ustozlar ham qoʻl qovushtirib turmadi. Bir guruh olim va ijodkorlar yosh tadqiqotchining xato­si va tavbasini koʻrsatib, uning ilmiy salohiyatini taʼkidlab, afv etilishini soʻrab Prezidentimizga xat yoʻlladik. Bu noma shu maʼnoda diqqatga sazovor: Oʻzbekiston ziyolilari yosh avlod uchun ja­vobgarlik tuygʻusini namoyon etdi, ustoz­lar shogirdlarini zabun ahvolda tashlab qoʻymadi, ilmiy jamoatchilik undan yuz oʻgirmadi.

Prezidentimiz soʻrovlarni yerda qol­dirmadi — Akrom Malik davlatimiz rahbari imzo chekkan afvnomaga koʻra ozod­likka chiqdi. Bu yerda hikoyaning eng muhim qismi boshlanadi: insonning oʻziga tuhfa etilgan ikkinchi imkonni qanday qabul qilishi!

Akrom Malik ozodlikka chiqqach, afv­ga sadoqat koʻrsatdi, shogirdlik ahdiga vafo qildi. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoniga uch jilddan iborat sharh bitdi. Har tomonlama puxta, pishiq va eng muhimi, yoshlarga tushunarli tilda yozilgan sharh muallifi “Ilhom” tanlovi­da gʻolib topildi va “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, yosh adib “Halqa”, “Sahro”, “Jangchi” kabi romanu qissalar yozdi, turkum sheʼrlar yaratdi. Eng muhimi, u Alisher Navoiyning “Gʻaroyib us-sigʻar” devoni matniy tadqiqi boʻyicha disserta­siya himoya qilishga erishdi.

Akrom Malik qisqa muddatda qoʻlga kiritgan yutuqlar nafaqat shaxsiy zafar, balki kechirimlilik tamoyilining jami­yatga bergan samarasidir. Avval xato qil­gan, lekin ikkinchi imkon tuhfa etilgan inson ishonchni oqlab, sermahsul, unumli ijod orqali jamiyatga, davlatga oʻz min­natdorligini izhor etdi.

Oʻzgarayotgan paradigma

Sherzod Joʻrayev va Akrom Malikning kechmishi farqli, albatta: biri tuhmat, ikkinchisi haqiqiy xato sababli jabr koʻrdi. Ammo ularni bogʻlaydigan umumiy rishta shuki, yangi Oʻzbekistonning odil siyosati har ikkisiga ham olimu ijodkor sifatida qayta hayot baxsh etdi va ikkov­lon ham bu imkonni havoga sovurmadi.

Bunday misollar oʻnlab, balki yuzlab topiladi. Kechagi kunga nazar tashlasak, turli sabab-omillarga koʻra sitam chekkan, huquqlari poymol etilgan, imkoniyatlari tortib olingan vatandoshlarimiz taq­diri koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Ular ichida olimlar, yozuvchilar, jurnalistlar, oddiy mehnat­kashlar, jamiyatimizning barcha qatlami vakillari bor. Yangi Oʻzbekiston rahbariyati ular­ning barchasiga yorugʻ vaʼda berdi, oydin mujda yoʻlla­di: adolat tiklanadi, endi bari boshqacha boʻladi!..

Bu yoʻlda tizimli chora-tadbirlar koʻrildi. Ji­noyat-protsessual kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar, hibsga olish va qamoqda ush­lash tartiblariga cheklovlar, majburiy koʻrsatma olishga nisbatan qatʼiy taqiqlar — bu­larning barchasi oʻtmish xatolari­ning takrorlanmasligi uchun kafolat yaratdi. Sud mustaqilligini mustahkam­lash, prokuratura vakolatlarini tartib­ga solish, qonun ustuvorligiga tayangan demokratik davlat qurishdek tamoyillar yangi Oʻzbekistonning huquqiy qadriyati, aqidasiga aylandi.

Kechirimlilik adolatning dushmani emas. Aksincha, chinakam adolat kechirim­lilikni taqozo etadi. Xom sut emgan ban­dai ojiz mutlaq ravishda adashuvdan xoli emas. Odil jamiyat esa yanglishganlarni tarbiyalash va rohi rostga qaytarish yoʻ­lini tutadi. Afsuski, yaqin oʻtmishda bu kuch-vakolat suiisteʼmol qilindi, jazo­lash funksiyasi bot-bot istifoda etildi, islohga emas, sindirishga urgʻu berildi. Yangi Oʻzbekiston bu paradigmani oʻzgar­tirmoqda, “Adovat emas, adolat yengar” degan dono yondashuv hayotiy tutumga ay­lanmoqda.

Xoʻsh, zulm, adolatsizlik jamiyatda qanday aks sado beradi? U, avvalo, raiyat­ning davlatga ishonchiga putur yetkazadi. Jamoaviy xotira zaharlanadi, navqi­ron avlodga koʻzga koʻrinmas ijtimoiy jarohat meros boʻlib oʻtadi. Odamlar oʻzini himoyasiz, zaif his etadi. Bu esa millatning botiniy quvvati, vatansevar­lik ruhiyatini soʻndiradi.

Adolatning tiklanishi hamisha ja­miyatni jipslashtirishga xizmat qiladi. Deylik, Sherzod Joʻrayevni oqlash faqat bir oila yoki bir olim hayotidagi oʻzgarishgina emas. Bu barcha olimu fuzaloga qarata xitob­dir: “Tizim sizlarga adolatli munosabatda boʻlishga qobil, qodir!”. Akrom Malikning afv etilishi esa yanglish odim otgan yosh av­lodga yoʻllangan mujda: “Xato qilsangiz, uni mardona tan oling, samimiy tavba qi­ling va vatan bagʻriga qayting!”.

Jamiyatning jipsligi, birdamligi, ruhiy salomatligi koʻp jihatdan shu kabi signallarga bogʻliq. Ishonch davlatning chinnidan nozik, suv va havodek zarur sar­moyasidir. Uni pul, sarvat bilan sotib olib boʻlmaydi, u faqat adolatli amallar orqali shakllanadi. Taʼbir joiz boʻlsa, oqlangan har bir begunoh fuqaro, afv etilgan har bir tavbakor — ishonch poyde­voriga qoʻyilgan bir gʻisht...

Davlatning tamali

Jahon faylasuflari “Birinchi mu­allim” deb eʼzozlagan Arastu adolatni boshqalarga nisbatan toʻgʻri munosabatda boʻlish fazilati deb taʼriflagan. Hazrat Navoiy esa uni olam yuzini obod qiluv­chi kuch deb ulugʻlagan. Zamonaviy davlat­shunoslik nuqtayi nazaridan baholaganda, adolat — ijtimoiy shartnoma poydevori, fuqarolik jamiyatining hayotiy asosi. Bu uch manba — antik falsafa, mumtoz sheʼ­riyat va zamonaviy davlat ilmi yakdil, mushtarak xulosa bermoqda: adolatsiz davlat uzoq umr koʻrmaydi, bunday jami­yatda inson hatto oʻz vatanida oʻgay boʻlib qoladi.

Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston” konsepsiyasi orqali adolatni amaliy siyosatning oʻzagi, davlatning tamaliga aylantirdi. Sudlov islohotlari, inson huquqlari institutlari, jamoatchilik nazorati mexanizmlari — barchasi in­son manfaatlari, haq-huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarishga yoʻnaltirilgan.

Biz qalamga olgan ikki inson taqdi­ri — yangi Oʻzbekistonda adolatli tizim ishlayotganining yorqin isbotidir. Ular­ning kechmishi yurtimizda huquqiy va maʼnaviy islohotlar naqadar real va ha­yotiy ekanini koʻrsatadi. Biz — olimlar, ziyolilar, jamoatchilik vakillari bu ezgu yoʻlni qoʻllab-quvvatlashimiz, natijalar­ni keng jamoatchilikka yetkazishimiz va islohotlarga imkon qadar hissa qoʻshishi­miz lozim, albatta.

Maqola debochasida Alisher Navoiyning adolat bobidagi hikmatini zikr qilgan edik. Aslida, adolat tamoyili hazrat ijodining oʻqtomirini tashkil etadi. Navoiyning adolat haqidagi bay­tu hikmatlari bugun ham oʻz mazmunini yoʻqotmagan, ehtimol, hech qachon buguncha­lik dolzarb ahamiyat kasb etmagan. Chun­ki biz nafaqat soʻzda, balki yuraklarda, hayotimizda adolat tantana qilayotgan bir davrda yashayotirmiz.

Sherzod Joʻrayev XV asrda Xuroson oʻlkasini fozil odamlar makoniga aylan­tirgan Husayn Boyqaro davrini tadqiq etayotgani, Akrom Malik esa adolat va in­sonparvarlik gʻoyalarini kuylovchi buyuk Navoiy merosini oʻrganayotgani bejiz emas. Ikki yoʻl ham bir fikrga yetaklaydi: yangi Oʻzbekiston oʻzining buyuk gumanistik anʼanalariga qaytmoqda!

Adolat — shunchaki mahkama zalida oʻqilgan hukm emas. U — ustozlarning xato qilgan shogirdi himoyasi yoʻlida bitgan nomasi. U — olimning asl maslagi, ilm yoʻliga qaytish ahdi. U — davlat rahbari­ning “Sening qadring har narsadan ulugʻ” deya oʻz fuqarosini qanoti ostiga olishi. Ulugʻ Navoiy aytganidek, adolat ila obod olam faqat shu odamlar va shu tizim orqa­li barpo etiladi. Ne baxtki, biz ana shu yoʻldamiz. Bu yoʻldan qaytmaslikka umid va ishonchimiz hamisha poydor boʻlgay! 

Olimjon DAVLATOV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar

instituti direktori, professor