Bu haqda Madaniy meros agentligi maʼlum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda muzey faoliyati tugatilayotgani, bino boshqa tashkilotga berib yuborilayotgani va madaniy meros obyektiga zarar yetishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Agentlik ushbu holat yuzasidan oʻrganish oʻtkazib, binodan foydalanish tartibi va uni taʼmirlash rejalariga izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Alisher Navoiy koʻchasi, 69-uyda joylashgan bino Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-son qarori bilan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Agentlikning taʼkidlashicha, binodan foydalanuvchi oʻzgarishi uning davlat muhofazasidagi maqomini bekor qilmaydi. «Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida»gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, obyektning mulkdori yoki foydalanuvchisi kim boʻlishidan qatʼi nazar, uning tashqi va ichki koʻrinishini muhofaza hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq saqlash majburiyati amal qiladi.

Agentlik maʼlumotiga koʻra, tarixan «Rus yosh tomoshabinlar teatri binosi» sifatida barpo etilgan mazkur majmuada Davlat yoshlar teatri ham uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib keladi. Binoning teatrga berilishi uni yagona madaniy-teatr majmuasi sifatida saqlash va teatrning repetitsiya zallari, grim xonalari hamda dekoratsiya ustaxonalariga boʻlgan ehtiyojini qondirish bilan izohlangan.

Binoda taʼmirlash ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda tashqi fasadni joriy taʼmirlash, tashqi tomondagi deraza romlarini almashtirish va bino atrofini «Koʻksaroy» graniti bilan qoplash ishlari belgilangan. Loyiha Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining 2026-yil 18–20-may kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgan sayyor yigʻilishida maʼqullangan.

Shuningdek, binoda yoʻqolib ketgan kichik arxitektura elementlarining izlarini qayta tiklash va tashqi koʻrinishda RAL 1015 NCS 0510-Y30R rangini qoʻllash sharti belgilangan. Birinchi bosqich loyiha-smeta hujjatlari qiymati 4 milliard 612 million soʻmni tashkil etadi. Agentlik maʼlumotiga koʻra, hozirda ushbu bosqichdagi ishlar olib borilmoqda.

Ikkinchi bosqichda binoning ichki qismini taʼmirlash va restavratsiya qilish masalalari koʻrib chiqiladi. Agentlik ichki zallardagi devoriy suratlarni, jumladan, Chingiz Axmarov qalamiga mansub gʻazallar syujetlari aks etgan sanʼat asarlarini koʻchirish mumkin emasligini bildirgan. Ular joyida asl holicha saqlanadi. Ichki taʼmirlash loyihasi esa devoriy suratlarni konservatsiya va restavratsiya qilish sharti bilan koʻrib chiqiladi.

Muzey eksponatlari vaqtincha boshqa muassasalarda saqlanadi.

Madaniy meros agentligi maʼlumotiga koʻra, muzey fondidagi noyob eksponatlar Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-maydagi 234-F-son farmoyishi asosida Yangi Toshkentda qurilayotgan yangi bino ishga tushgunga qadar vaqtincha saqlash uchun Islom sivilizatsiyasi markazi va Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga koʻchirilmoqda.

Koʻchirilgan madaniy boyliklarning but saqlanishi uchun qabul qiluvchi muassasalar rahbariyati, binodagi moddiy daxlsizlik va restavratsiya ishlarining qonuniyligi uchun esa Madaniy meros agentligi masʼul ekani qayd etildi.

Agentlik binoda olib borilayotgan taʼmirlash ishlari, ayniqsa, ikkinchi bosqichdagi ichki zallar va Chingiz Axmarov merosini saqlash jarayonlari ustidan nazoratni davom ettirishini maʼlum qildi. Shuningdek, madaniy meros toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi taʼkidlandi.

Agentlik rahbarining birinchi oʻrinbosari Elmurod Najimovning taʼkidlashicha, binodan foydalanuvchining oʻzgarishi uni davlat muhofazasidan chiqarish yoki buzish huquqini bermaydi. Madaniy meros obyekti maqomi va uni saqlash boʻyicha qonuniy talablar oʻzgarishsiz qoladi.