Maʼlum qilinishicha, mazkur bino Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-son qarori bilan Madaniy meros obyektlarining Milliy roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, davlat muhofazasida hisoblanadi.

Avval ham binoga madaniy meros obyekti maqomini bekor qilish va uni Milliy roʻyxatdan chiqarish boʻyicha takliflar koʻrib chiqilgan hamda rad etilgan.

Bu masala yuzasidan 2026-yil 5-avgust kuni kelib tushgan navbatdagi murojaat ham Agentlik tomonidan koʻrib chiqilgan. 19-avgustdagi rasmiy javob xatida obyektni Milliy roʻyxatdan chiqarish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar mavjud emasligi, bunday harakat noqonuniy ekani maʼlum qilingan.

Shu tariqa, obyektning madaniy meros obyekti sifatidagi maqomi saqlanib qoladi va u davlat muhofazasida boʻladi.

Madaniy meros agentligi direktori birinchi oʻrinbosari Elmurod Najimovning taʼkidlashicha, binoga nisbatan uni qonunga xilof ravishda buzish, vayron qilish yoki oʻzgartirishga qaratilgan har qanday urinishning oldi olinadi.

“Biz mamlakatimizning tarixiy merosini asrab-avaylashimiz va uni kelajak avlodlarga yetkazishimiz shart”, — dedi u.