Inspeksiya etil spirti, alkogol, tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va alkogolning ulgurji savdosiga litsenziya beradi hamda litsenziya talablariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazoratni amalga oshiradi.

Bugungi kunda sohada 12 694 ta subyektlar faoliyat olib bormoqda, bularning 2 tasi tamaki, 6 tasi spirt, 36 tasi alkogol, 17 tasi pivo mahsulotlari ishlab chiqaradi, 345 ta korxona ulgurji, 12 288 ta korxona chakana savdo bilan shug‘ullanadi.

Litsenziyalashga oid 267 ta murojaatlar ko‘rib chiqildi.

Sohaga yangi kirib kelgan 9 ta alkogol, 2 ta tamaki ishlab chiqaruvchi hamda 44 ta ulgurji korxonalarga litsenziya berildi, 46 ta yangi omborxonaga ruxsatnoma rasmiylashtirildi.

Litsenziya to‘lovlari to‘lanishi monitoring qilinib, 31,3 mlrd so‘mlik mablag‘lar undirildi. Ishlab chiqarish liniyalaridagi elektron hisoblagichlarning 2 564 tasi muhrlandi.

Sohaga yangi axborot texnologiyalarini joriy etish maqsadida tarmoqdagi barcha subyektlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning elektron reyestri shakllantirildi.

Mahsulotlar aylanmasini nazorat qilish imkonini beruvchi “ISAT” nomli elektron axborot tizimi yaratildi.

Tizim ishlab chiqarish jarayonida xom-ashyo, energiya va boshqa resurslarning sarfi, mahsulotlarning raqamli markirovkalash tizimi orqali realizatsiya qilinishi, litsenziya talablariga rioya etilishi hamda spirtni tashuvchi transport vositalari harakatiga oid ma’lumotlarni avtomat tarzda tahlil qilib, xavflarni aniqlaydi.

Axborot tizimiga adliya, soliq, bojxona, kadastr, asl belgisi, UzGPS, tovar-xomashyo birjasi, elektr va gaz ta’minoti idoralarining axborot tizimlari, ishlab chiqarish subyektlarining elektron hisoblagichlari, videokuzatuv uskunalari hamda spirt tashuvchi transport vositalarining “GPS Treker” qurilmalari integratsiya qilinib, real vaqt rejimida ma’lumotlar olinishi yo‘lga qo‘yildi.

“Raqamli O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasi majlisining 2025 yil 15 yanvardagi 6-sonli bayoniga ko‘ra “ISAT” axborot tizimida sun’iy intellekt texnologilarini ishga tushurish uchun 6,45 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilishi belgilandi. Bu esa, kelgusida axborot tizimida sun’iy intelekt texnologiyalarini qo‘llash imkoniyati beradi.

Yashirin aylanmalarga qarshi kurashish yo‘nalishida Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor va nazorat tadbirlari natijasida jami 3 067 tanoqonuniy faoliyatga barham berildi, iste’molga yaroqsiz hamda inson sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan 76 mlrd so‘mlik alkogol, 89 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlari muomaladan olindi.

Litsenziya talablariga rioya etilishi yuzasidan 15 ta alkogol, 11 ta ulgurji, 3 ta spirt ishlab chiqaruvchi jami 29 ta korxonalarda tekshirishlar o‘tkazildi.

O‘tgan davr mobaynida 1 506 ta targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Jumaladan, OAV orqali jami 1 104 marotaba, shundan, 107 marotaba televideniyeda, 125 marotaba radioda, 780 marotaba internet tarmog‘ida chiqishlar tashkil etilib, 92 marotaba matbuotda maqolalar chop etilgan. Xodimlarning tashabbuslari asosida 402 ta og‘zaki targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan.

Shuningdek, Inspeksiyaning 71 -202-86-90 raqamli Ishonch telefoni faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Inspeksiya tomonidan sohani tartibga solishga oid qonun hujjatlari ijrosini hamda tadbirkorlik subyektlariga huquqiy yordam ko‘rsatish orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga doir vazifalar ijrosi izchil davom ettiriladi.

Dilrabo KURYAZOVA,

Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi Axborot bo‘limi boshlig‘i