Joriy yil 18-iyun kuni soat 15:05 da Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi 46 yoshli fuqaro T. I. tomonidan "102" qisqa raqamiga murojaat kelib tushgan bo‘lib, unda 9 yoshli o‘g‘liga tan jarohati yetkazilgani haqida xabar berilgan. Ushbu murojaat asosida ichki ishlar organlari xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, holat yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, 2016-yilda tug‘ilgan ikki nafar voyaga yetmagan bola o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelib, ular o‘zaro mushtlashib ketgan. Shu vaqtda ulardan birining otasi — 1988-yilda tug‘ilgan M. B. — vaziyatga aralashib, janjalni to‘xtatish o‘rniga qo‘shni bolaga bir necha bor qo‘l ko‘targan. Natijada voyaga yetmagan bola tan jarohati olgan.
Hozirda Shahrixon tumani IIB tomonidan mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Voqeaning barcha holatlari atroflicha o‘rganilmoqda va yakuniy natijalar bo‘yicha ishtirokchilarning harakatlariga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi.