Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, "Neftchilar — Kulla" yo‘nalishida harakatlanayotgan, 1978-yilda tug‘ilgan O‘.A. boshqaruvidagi tuproq ortilgan "HOWO" rusumli yuk avtomashinasi tormoz tizimidagi nosozlik sababli boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda yuk avtomashinasi qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan "Cobalt", "Nexia", "BYD Song Plus" va "Nexia-2" rusumli avtomashinalar, shuningdek, yo‘lning o‘ng tomonida to‘xtab turgan "Nexia-3", "Damas" va "Matiz" rusumli transport vositalari bilan to‘qnashgan. Hodisa oqibatida ko‘cha bo‘yida joylashgan do‘konlarga ham zarar yetgan.
Achinarlisi, ushbu YTH oqibatida 3 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan. "HOWO" rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi va yana 3 nafar fuqaro turli tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Buloqboshi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda hodisaning barcha holatlarini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.