Temir yo‘l transportida “Toshkent–Xiva–Toshkent”, “Toshkent–Qo‘ng‘irot–Toshkent”, “Toshkent–Shovot–Toshkent”, “Toshkent–Termiz–Toshkent” va “Toshkent–Sariosiyo–Toshkent” yo‘nalishlarida harakatlanuvchi poyezdlar tarkibiga 4 tagacha qo‘shimcha vagon ulanadi.

Shuningdek, “Toshkent–Samarqand–Toshkent”, “Toshkent–Buxoro–Toshkent” va “Toshkent–Urganch–Toshkent” yo‘nalishlarida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari bayramdan ikki kun oldin boshlanib, bayramdan keyingi ikki kun davomida muntazam saqlanadi.

Avtomobil transportida viloyatlararo barcha yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobus qatnovlari tashkil etiladi. Jumladan, Toshkent–Janubiy temir yo‘l vokzali hududida viloyatlararo avtobuslar uchun zaxira to‘xtash joyi ajratilib, bayramdan kamida 3 kun oldin “Toshkent–Samarqand–Buxoro–Urganch–Nukus” yo‘nalishlaridagi avtobuslar shu yerga joylashtiriladi.

Havo transporti orqali ham turistik yo‘nalishlarga sayohat qilish imkoniyatlari kengaytiriladi. Bayramdan kamida ikki kun oldin “Toshkent–Urganch”, “Toshkent–Nukus”, “Toshkent–Buxoro” va “Toshkent–Termiz” yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviareyslar amalga oshiriladi.

Ko‘rilayotgan mazkur choralar bayram kunlarida aholining mamlakatimiz hududlari bo‘ylab sayohatlarini ko‘paytirish, ichki turizmni rivojlantirish hamda yurtimizning tarixiy, madaniy va tabiiy turistik maskanlariga tashriflar uchun yanada qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.