Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov hamda universitet xodimlari kasaba uyushmasi raisi tashabbusi bilan oliygohning 50 nafar rahbariyati va professor-oʻqituvchilaridan iborat jamoa 7–9 avgust kunlari Toshkent shahriga uch kunlik madaniy-maʼrifiy sayohat qilishdi.

Sayohat davomida ishtirokchilar «Gʻalaba bogʻi» yodgorlik majmuasida boʻlib, Vatan ozodligi yoʻlida jon fido qilgan ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shuningdek, jamoa «Crafers» zamonaviy qandolat mahsulotlari fabrikasi faoliyati bilan tanishib, ishlab chiqarish jarayonlari va zamonaviy texnologiyalar haqida maʼlumot oldi.

Tashrif dasturidan Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat ham oʻrin oldi. U yerda ishtirokchilar xalqimizning boy maʼnaviy-maʼrifiy va tarixiy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi.

Bundan tashqari, sayohat davomida «Magic City», «Magic Aquarium» va «AYA Project» kabi zamonaviy koʻngilochar maskanlarga tashrif buyurilib, jamoa mazmunli hordiq chiqardi.

Uch kunlik sayohat ishtirokchilarda koʻtarinki kayfiyat uygʻotib, jamoaviy hamjihatlikni yanada mustahkamlash, yangi oʻquv yili va ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori ruhda kirishish uchun katta motivatsiya bagʻishladi.