Muloqotning asosiy mavzusi Boysun tumanidagi "Mustaqillikning 25 yilligi" konida yuzaga kelgan texnogen avariyani bartaraf etish ishlarini jadallashtirish masalalari bo‘ldi.

Tomonlar avariyani bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarga tezkor kirishish uchun barcha tayyorgarlik jarayonlarini qisqa muddatlarda yakunlash muhimligini ta’kidladilar. Xususan, maxsus burg‘ilash dastgohlari, yuqori bosim sharoitida ishlashga mo‘ljallangan texnologik uskunalar hamda zarur texnik vositalarni obyektga yetkazib kelish, malakali mutaxassislar va muhandislik guruhlarini jalb etish, loyiha va muhandislik yechimlarini yakunlash hamda qutqaruv-burg‘ilash ishlarini o‘z vaqtida boshlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlarning har bir bosqichini muvofiqlashtirish, texnik yechimlarni tezkor qabul qilish va loyihani belgilangan muddatlarda amalga oshirish uchun ikki kompaniya mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv davomida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar texnogen avariyani bartaraf etish ishlari yakunlanganidan keyin neft-gaz sohasidagi qo‘shma loyihalarni kengaytirish, yangi burg‘ilash va geologiya-qidiruv dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilib, uzoq muddatli strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.