«Orqamdan kelayotgan maxsus transport vositasi — tez yordam mashinasini inobatga olmagan holda yo‘l bermaganman. Bu qasddan bo‘lmagan. Avtomobilning oynasi yopiq, konditsioner ishlab turgan va musiqa qo‘yilgani sababli signalni eshitmay qolganman. Hech qanday yomon niyatim bo‘lmagan. Bu holat boshqa takrorlanmaydi, yo‘l harakati qoidalariga doimo rioya qilaman», — dedi haydovchi.
Holat yuzasidan haydovchi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, unga tez tibbiy yordam kabi maxsus transport vositalariga yo‘l berish nafaqat yo‘l harakati qoidalari talabi, balki inson hayoti va salomatligiga bevosita daxldor masala ekani tushuntirildi.
Haydovchi o‘z xatosini tan olgan va bu voqea qasddan sodir etilmaganini bildirgan.
Shu bilan birga, davlat raqami 01 S 080 VB bo‘lgan avtomobil haydovchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.