Ma’lum qilinishicha, hodisa 2026 yil 27 aprel kuni soat 09:05 larda Buxoro viloyatining Vobkent tumani, Imom Buxoriy ko‘chasida sodir bo‘lgan. Viloyat YHXB xodimi, 1987 yilda tug‘ilgan Yo.Mavlonov o‘zining «Cobalt» rusumli avtomobilida harakatlanayotgan vaqtda piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 2009 yilda tug‘ilgan S.N.ni urib yuborgan.

Hodisa oqibatida piyoda yengil tan jarohatlari olgan. Ma’lumotga ko‘ra, xodim jabrlanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida uni shifoxonaga olib borgan.

Shuningdek, haydovchi xizmat vaqtida bo‘lgani, hushyor holatda avtomobil boshqargani va barcha tegishli hujjatlarga ega ekani qayd etildi.

Hozirda holat yuzasidan Vobkent tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Rasmiy idoralar ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat «yopdi-yopdi» qilinmoqda degan asossiz xabarlarni tarqatmaslikka chaqirdi. Yolgon axborot tarqatgan shaxsga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, holat to‘liq va xolisona o‘rganilib, tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi.