Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi ana shu strategik maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari viloyatda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilmaviy, sanoat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, madaniyat va sport sohalaridagi loyihalar bilan tanishib, hududning keyingi taraqqiyoti uchun muhim vazifalarni belgilab berdi.
Ayniqsa, Namangan viloyatini mamlakatimizda yangi iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalari rivojlangan yetakchi hududlardan biriga aylantirish bo‘yicha bildirilgan fikr va tashabbuslar barchamiz uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Biz uchun eng quvonarlisi va ayni vaqtda eng katta mas’uliyat yuklaydigan voqea – davlatimiz rahbarining Namangan davlat texnika universitetiga tashrif buyurib, universitetimizda tashkil etilgan Sun’iy intellekt ilmiy laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishganliklari bo‘ldi.
Bu tashrifni universitet jamoasi yuksak e’tirof sifatida qabul qildi. Biroq biz bu tarixiy voqeani avvalo katta ishonch va yanada kattaroq mas’uliyat sifatida baholaymiz. Chunki Prezidentimiz tomonidan bildirilgan har bir fikr va vazifa mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi oldida turgan yangi talablarni belgilab bermoqda.
Bugungi kunda sun’iy intellekt insoniyat taraqqiyotining eng muhim drayverlaridan biriga aylanib ulgurdi. Dunyoda raqobat ustunligi endi tabiiy resurslar yoki ishlab chiqarish quvvatlari bilan emas, balki bilim, texnologiya va innovatsiyalar bilan belgilanmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mamlakatimizda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar uzoqni ko‘zlagan strategik siyosatning amaliy natijasidir.
Namangan davlat texnika universitetida tashkil etilgan Sun’iy intellekt ilmiy laboratoriyasi ham ana shu davlat siyosatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Laboratoriya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi PF–189-sonli Farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi. Loyihani amalga oshirishda Xitoy Xalq Respublikasining ilg‘or tajribasi asos qilib olindi hamda “Asakabank” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, u nafaqat zamonaviy ilmiy infratuzilma, balki ta’lim, innovatsiya va texnologiyalar transferini qamrab olgan yaxlit ekotizim sifatida shakllantirilmoqda.
Bugun mazkur markazni oddiy ilmiy laboratoriya deb atash to‘liq mazmunini ifoda etmaydi. Biz uni sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, robototexnika, startaplar, texnologiyalar transferi va amaliy tadqiqotlarni birlashtiruvchi zamonaviy ilmiy-innovatsion xab sifatida rivojlantirmoqdamiz.
Markaz tarkibida tahlil markazlari, robototexnika va bionika laboratoriyalari, startap-akselerator, sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus tayyorgarlik xonalari hamda “aqlli auditoriyalar” tashkil etilgan.
Eng muhimi, laboratoriya faoliyati “Tarmoq – korxona – oliygoh” integratsiya modeli asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa universitetda yaratilayotgan ilmiy ishlanmalarning bevosita ishlab chiqarish korxonalariga joriy etilishi va iqtisodiy samara berishiga xizmat qiladi.
Markazda sun’iy intellekt va robototexnika, energetika, transport va logistika, arxitektura va qurilish, raqamli iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, suv muammolari, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya, aqlli shahar texnologiyalari hamda kiberxavfsizlik kabi o‘ndan ortiq ustuvor yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz laboratoriya faoliyati bilan tanishar ekan, mazkur tajribani kengaytirish, yoshlarning intellektual salohiyatini mamlakat taraqqiyoti uchun safarbar etish va ilmiy ishlanmalarning amaliy ahamiyatini oshirish zarurligini alohida ta’kidladi.
Bu vazifalar universitetimiz oldida aniq strategik maqsadlarni belgilab bermoqda.
Avvalo, sun’iy intellekt sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ko‘lamini yanada kengaytirishimiz lozim. Markaz negizida minglab talabalarni sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili, robototexnika va raqamli texnologiyalar bo‘yicha tayyorlash, shuningdek, davlat tashkilotlari va iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislarini qayta tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, xalqaro ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi turibdi. Bugungi kunda universitetimiz Malayziya, Germaniya, Turkiya, Belarus va Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik qilib, professor-o‘qituvchilarni tayyorlab kelmoqda. Kelgusida mazkur hamkorlik doirasida yuqori reytingli xalqaro jurnallarda mingdan ortiq ilmiy maqolalar chop etish, patentlar olish va qo‘shma tadqiqot loyihalarini kengaytirishni rejalashtirganmiz.
Uchinchidan, ilmiy tadqiqotlarning iqtisodiyotga ta’sirini kuchaytirish asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Prezidentimiz Namangan viloyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda har bir ilmiy ish va har bir innovatsion g‘oya amaliy natija berishi, hudud yoki tarmoq taraqqiyotiga xizmat qilishi shartligini qat’iy ta’kidladi.
Bu bizdan yangi yondashuvlarni talab qiladi. Endi har bir tadqiqot ishlab chiqarishdagi aniq muammolar yechimiga xizmat qilishi, har bir innovatsiya iqtisodiy samara berishi lozim.
To‘rtinchidan, innovatsion tadbirkorlik va startap ekotizimini rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Laboratoriya negizida har yili 30 dan ortiq startap va prototiplarni yaratish, 2030-yilga qadar 100 dan ziyod innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlarning innovatsion faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz tomonidan Namangan viloyatida “Aql markazlari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, iqtisodiy diagnostika tizimini joriy etish va yangi iqtisodiyot drayverlarini shakllantirish bo‘yicha berilgan vazifalar ham universitetimiz uchun muhim ahamiyatga ega. Universitet olimlari va tadqiqotchilari ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, hudud rivojiga xizmat qiluvchi amaliy ilmiy takliflarni ishlab chiqishga tayyor.
Bugun Namanganda yangi taraqqiyot muhiti shakllanmoqda. Yangi xalqaro aeroport, zamonaviy IT-park, yirik investitsiya loyihalari, innovatsion ishlab chiqarish quvvatlari, raqamli boshqaruv tizimlari va sun’iy intellekt markazlari viloyat iqtisodiyotining mutlaqo yangi qiyofasini yaratmoqda.
Biz mazkur ishonchni avvalo ulkan mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki bugungi kunda universitetlar oldidagi vazifa shunchaki mutaxassis tayyorlash emas, balki mamlakat taraqqiyoti uchun yangi g‘oyalar, texnologiyalar va innovatsion yechimlar yaratishdan iborat.
Namangan davlat texnika universiteti jamoasi Prezidentimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni aniq natijalar bilan mustahkamlash, ilm-fanni iqtisodiyotning real sektori bilan uzviy bog‘lash, raqobatbardosh muhandis-kadrlar tayyorlash va mamlakatimiz texnologik taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Namangan davlat texnika universiteti ana shu buyuk maqsadlar yo‘lida Prezidentimiz belgilab bergan vazifalarni sidqidildan amalga oshirishga tayyor.
Oybek Ergashev,
Namangan davlat texnika universiteti rektori,
professor