Mazkur hujjat ikki
mamlakat o‘rtasidagi akademik aloqalarni kengaytirish, kadrlar tayyorlashni
rivojlantirish, ilmiy almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma ta’lim
tashabbuslarini ishga tushirishga qaratilgan.
Tadbirda ta'kidlanganidek,
ta’lim
diplomatiyasi va inson kapitalini rivojlantirish ikki tomonlama hamkorlikning
uzoq muddatli kun tartibining muhim qismiga aylanib boryapti.
Imzolangan memorandum
akademik mobillik va qo‘shma ta’lim dasturlaridan tortib, iqtisodiyot va davlat
boshqaruvining strategik muhim tarmoqlarida maqsadli stajirovkalar o‘tashgacha
bo‘lgan keng ko‘lamli yo‘nalishlardagi hamkorlikni nazarda tutadi.
Xususan, O‘zbekiston
vazirlik va idoralari, strategik davlat kompaniyalari, universitetlari,
tahliliy markazlari hamda ilmiy-tadqiqot institutlarining istiqbolli
mutaxassislari uchun maqsadli stajirovka va malaka oshirish dasturlarini amalga
oshirish asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Tibbiyot sohasidagi
hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi. Kelishuv doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar
Turkiyaning universitet klinikalari va laboratoriyalarida xirurgiya,
neyroxirurgiya, onkologiya, stomatologiya, jigar transplantologiyasi singari
yuqori texnologiyali tibbiy mutaxassisliklar bo‘yicha klinik stajirovkadan
o‘tishi, ilmiy tadqiqotlar olib borishi va amaliy ko‘nikmalarini oshirishi
mumkin bo‘ladi.
Hujjatning muhim qismi sun’iy
intellekt va istiqbolli texnologiyalar (emerging technologies) sohasidagi
hamkorlikka bag‘ishlangan. Xususan, tomonlar kiberxavfsizlik, sun’iy
intellekt, robototexnika va dron tizimlari sohalarida stajirovkalar hamda
ixtisoslashtirilgan dasturlarni amalga oshirishga kelishib oldi. Turkiyaning
yetakchi universitetlari, tadqiqot markazlari, texnoparklari, innovatsion «Hub»
va kompaniyalari negizida amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni tashkil etish ko‘zda
tutilgan.
O‘zbekiston fuqarolarining
Turkiya universitetlarining magistratura va PhD dasturlarida ta’lim olish
imkoniyatlarini kengaytirishga alohida urg‘u beriib kelinyapti.
Bundan tashqari, tomonlar
akademik aloqalarni rivojlantirish, innovatsiyalarni ilgari surish, ilmiy
tadqiqotlarni tijoratlashtirish va ta’lim sohasidagi tadbirkorlikni rivojlantirishga
qaratilgan xalqaro konferensiyalar, forumlar, simpoziumlar, davra suhbatlari,
yozgi va qishki maktablarni birgalikda tashkil etishga kelishib oldi, deb xabar
beradi «El-yurt umidi» jamg‘armasi mat buot xizmati.
Ma’lumot
uchun: Turkiya delegatsiyasi tarkibida mamlakatning yetakchi
universitetlari, xususan, QS global reytingining Top-300 taligiga kiruvchi va
Turkiyaning texnik fanlar bo‘yicha eng yaxshi universitetlaridan biri
hisoblangan Istanbul texnika universiteti va Yaqin Sharq texnika universiteti
(muhandislik va neft qazib olish yo‘nalishi bo‘yicha jahon reytingida Top-10)
rektorlari ham bor edi.