Bu boʻyicha Prezidentning “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2026-yil 1-maydan:
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar boʻyicha nazorat vaqti rejimi oʻrnatiladi, bunda koʻrib chiqilishi belgilangan muddatdan oʻtgan murojaatlar ijro uchun avtomatik yuqori turuvchi davlat organiga oʻtadi;
- Virtual qabulxona axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar 3 ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta oʻrganib chiqiladi;
- aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini Qonunchilik palatasi va Senatda, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini esa tegishlicha Senatda yoki mahalliy kengashlarda har chorakda kamida 1-marta eshitib borish tartibi joriy qilinadi;
- davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda hududda murojaatlar bilan ishlash holatini yoritadi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarning koʻrib chiqilishiga oid eʼtirozlarni oʻrganib boradi va bu ular faoliyatining samaradorligi koʻrsatkichlarida aks ettiriladi.
Farmonga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari tegishli Xalq qabulxonasiga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi hamda muntazam ravishda Xalq qabulxonasida fuqarolarni shaxsan qabul qiladi va muammolarini joyida hal qilish choralarini koʻradi, murojaatlar tahlilini olib boradi.
Vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan faoliyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida qilinadigan taqdimotlarda aholi murojaatlaridagi tizimli muammolar va ularning yechimi yuzasidan rejalari haqida alohida hisobot beriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan oʻtkaziladigan shaxsiy va sayyor qabullar tizimini toʻliq raqamlashtirish orqali qabullar jarayoni ustidan nazorat oʻrnatiladi.
Jamoaviy tusdagi murojaatlar aholi vakillari va “mahalla yettiligi” ishtirokida oʻrganilib, ular roziligi asosida nazoratdan olinadi.