Kelajak egalari tayanchi
Avvaldan aytib qoʻyay:
bu suhbat bir urinishda yozilmadi. Suhbatdoshim bilan oʻn yillar davomida toʻy-maʼraka,
gap-gashtak, turli davra va oʻzaro bordi-keldilar davomida boʻlib oʻtgan muloqotimiz,
shaxsiy kuzatuvlarim hamda orqavarotdan eshitgan gaplarim asnosida shakllangan gurung
bu. Yana ham aniqrogʻi, uning hayoti, koʻnglidan oʻtganlari mening koʻz oldimda
roʻy bergan.
Doʻstim bilan oʻtgan asrning soʻnggi choragida koʻchalarni birga changitganmiz.
Mustaqillikning dastlabki yillarida ota-onamizga harna yordam boʻlar deb bosh suqmagan
koʻchamiz qolmagan: kosibchilik sexidan ish olib, tuni bilan poyabzalni qolipga
solib chiqqanmiz. Saharlab “Otchopar” bozoridan ulgurji tovar xarid qilib, tushgacha
chakana savdo bilan shugʻullanganmiz. Ijaraga avtomobil olib, bir muddat kirakashlik
qilgan kunlarimiz ham boʻlgan.
Ismini aytmay qoʻyaqolay.
Doʻstim unvonlar olmagan, koʻksiga qator ordenu medallar ham taqilmagan. Qisqacha
aytganda, hech qachon hech qanday mukofotdan umidvor boʻlmagan oʻz sohasining ustasi,
fidoyisi. Yoshi yarim asrlik dovondan oshganiga 5 yil boʻldi, lekin hamon faol.
Nima ish qiladi, deysizmi? U — investor.
Xorij sayohatidan qaytganini
eshitib, dam olish kuni doʻstimning ishxonasiga yoʻl oldim. Shu paytgacha boshqa
davlatlarga borish u yoqda tursin, Samarqandni ham koʻrmagan edi. Oʻziga biror qimmatbaho
kiyim, hashamatni ravo koʻrmagan. Hozir shahar chekkasidagi koʻchat yetishtiradigan
issiqxonada ishlaydi. Topganini ilmga, bilimga, taʼlimga investitsiya sifatida yoʻnaltirish
bilan band. Aniqrogʻi, toʻrt farzandiga zamonaviy ilm va kasb oʻrgatish uchun sarmoya
kiritadi.
— Bormisan-omonmisan,
jigarim, gaplashadigan gaplar koʻpayib ketdi-ku, ziyoratlar qabul boʻlsin, — deya
ochiq chehra bilan kulib turgan doʻstimga quchoq ochdim.
— Oʻn kun avval bitta
davrada birga edik-ku, oʻzi ish koʻp payti sen yetmay turganding, — deya oʻzidan
nari qilmoqchi boʻladi doʻstim.
Feʼli shunaqa — ichidagini
tashiga chiqarishga shoshmaydi, atay sovuqqon koʻrinishga harakat qiladi.
— Baribir odam
sogʻindi-da. Aslida, yordamlashgani kelgandim. Nima, ketaymi?
— Endi haydasamam
ketmassan...
Kulishdik.
— Ishing ham
toʻxtab qolmasin, gurunglashaylik, sendan soʻraydiganlarim bor. Maqola
yozayotgandim, sen va sen kabilar haqida.
Unga maqsadimni
batafsil tushuntirdim.
— Bilganingni qil,
— degan javobini eshitib, xursand boʻlib ketdim. “Yoʻq”, demadi-ku harholda!
Kecha
Ikki oʻgʻil, ikki
qizni voyaga yetkazishning oʻzi boʻlmagan. Ayniqsa,
doʻstim oila qurgan mustaqillikning dastlabki yillari — mamlakat
iqtisodiyoti endi oyoqqa turishga harakat qilayotgan davr, aksariyat aholining
turmushi tang ahvolda, qimmatchilik, pulning barakasi yoʻq kezlar. Birin-ketin
tugʻilgan farzandlar koʻz ochib-yumguncha ulgʻayib, tashvishi ham kattalashib
qoldi. Toʻngʻichi Sarvar, soʻng qizi Shahrizoda bir yil farq bilan maktabni
bitirdi. Keyingilari Elmurod bilan Mushtariy ham aka va opasiga oʻxshab, ilmga
chanqoq, dars va kitobdan bosh koʻtaray demasdi.
Sarvar talaba
boʻlgan 2012-yil avgusti hamon koʻz oldimda. Doʻstim shodligidan qarshisidan
chiqqan odam borki, oʻgʻlining oʻqishga kirganini aytib, yosh boladek
quvonchiga sherik qilardi:
— Toʻngʻichim oʻqishga kirdi, talaba boʻldi, meni tabrikla, — deb
qoʻngʻiroq qilganida ovozidan uning holatini tasavvur qildim.
— Mehnatlaring
rohatini, farzandlaring kamolini koʻrgin, doʻstim. Bilaman, oʻzing oliy
maʼlumot ololmagansan, armonlaringni zurriyodlaring orqali roʻyobga
chiqarmoqchisan. Quvonchingga sherikman.
Sentyabrda
oʻqishlar boshlangani hamon doʻstim uyim ostonasida koʻrindi, ovozi hazinroq:
— Kontrakt pulini
toʻlash uchun taʼlim krediti olmoqchi edim, banklar “limit tugagan”, deb
paysalga solyapti, arang bittasi beradigan boʻldi, ammo kimdir kafil boʻlishi
kerak ekan. Xayolimga birinchi sen kelding.
— Qancha
olmoqchisan?
— Bilasan, Sarvar
Turin politexnika universitetiga oʻqishga kirgan. Davlat kursida 5000 AQSH
dollari olishim kerak.
Oʻsha paytlari
xorijiy valyutaning qorabozor va davlat kursi amalda edi. Doʻstim aytgan summa
milliy pul birligimizda taxminan 12,5 million soʻm degani edi! Boz ustiga
bankning foizi ham yuqori. Xullas, kafillikni zimmamga oldim. Ancha
ovoragarchilikdan keyin bank pulni taʼlim muassasasiga oʻtkazib berdi. Bu
“hamkorligimiz” 4 yil davom etdi. Doʻstim qarzni oyma-oy, bir soat ham
kechiktirmay sabr bilan uzardi. Bu mushkulot hali holva ekan.
Sarvar 2-kursga
oʻtganida Shahrizoda, ikki yildan keyin Elmurod ham oʻqishga kirdi. Doʻstim shu
tariqa 2015-yilda 3 farzandiga taʼlim krediti toʻladi. Biror marta
farzandlarining raʼyiga qarshi gapirmadi, qiyinchilikdan nolimadi. Dardini
ichiga yutdi. Toʻgʻri, bu paytga kelib, katta farzandi oʻqishdan boʻsh payti
ota-onasining ogʻirini bir oz boʻlsa-da yengillatish maqsadida ish topdi, harakat
qildi — bir necha oy bank kreditini yopishga ozmi-koʻpmi koʻmaklashgan boʻldi.
Lekin doʻstim bir vaqtda 3 talabani oʻqitishni qanday epladi, bu Yaratganga
ayon.
2019-yili kenja
qizi Mushtariy oʻqishga hujjat topshirganida katta oʻgʻli va qizi ish topib,
yaxshi mutaxassis sifatida faoliyat yuritayotgan, uchinchi farzandi esa oxirgi
kursga oʻqiyotgandi. Qolaversa, davr epkinlari taʼlim olish istagidagi
yoshlarga, ayniqsa, qizlarga ancha yengilliklar taqdim eta boshlagan, banklar
ham xalqqa yon bosib, kredit berishda ortiqcha muammo qilmay boshlagan davrlar
edi.
— Otamga qanchalar
qiyin boʻlganini avvaliga his qilmaganman, — deydi Sarvar. — Taʼlim kreditini
olish uchun bankda ishlaydigan tanish izlab, otam zir yugurganini yaxshi
eslayman. Qaysidir uzoq qarindoshimiz oʻrtaga tushib, kredit ham undi, siz
kafil boʻldingiz. Lekin uni qaytarish oson kechmadi. Otam qoʻshimcha ish topdi,
uyda tikuvchilik qiladigan onam ham yordam boʻlar deb non sexiga tungi smenaga
ishga kirdi. Oila bisotidagi tilla buyumlar sotildi. Oʻshanda nimalar
boʻlayotganini bir oz tushundim. Oʻqishimni nisbatan toʻlovi kamroq oʻzimizning
biror institutga koʻchiraman, toʻlov-shartnoma summasining teng yarmicha
boʻlarkan degan oʻyga bordim. Otamga aytgandim, jahli chiqib ketdi. Shu yerda
oʻqiysan, dedi qatʼiy. Shukr, bugun qiyinchiliklar ortda qoldi. Olgan bilim va
koʻnikmalarim orqali yaxshi ish topdim.
Sarvarning oʻzi
aytmadi, ammo xabarim bor: universitet 4-5 talaba qatori uni ham bir semestr
Italiyada oʻqishga jalb qildi. Bitiruv arafasida bir nechta ish beruvchi
nufuzli kompaniya va tashkilot vakillari suhbat oʻtkazib, Sarvarga munosib ish,
lavozim va maosh taklif qilgan. Bugun u yaxshi ish joyi va daromadga ega.
Qizi Shahrizoda
esa ikki kursni shu yerda oʻqigach, grant yutib, qolgan 2 yillik taʼlimni
Xitoyda tugatib qaytdi. Ayni paytda qoʻshma korxona ish yurituvchisi. Akasi
bilan birga Elmurod va Mushtariyning taʼlim kreditini toʻlashda otasiga qanot
boʻldi.
Darvoqe, Elmurod mohir dasturchi, Mushtariy
yaxshi tarjimon boʻlib yetishgan. Hozir ishlari, bizneslari bor. Toʻrt farzand
ota-ona qoʻllovi bilan jamiyat uchun manfaatli insonlar boʻlib yetishdi.
Bugun
Jahon iqtisodiyoti
yuqori surʼatda rivojlanyapti, raqobat kuchayib, innovatsiyalar hal qiluvchi
oʻrin egallamoqda. Bunday sharoitda davlat va jamiyat bitta muhim haqiqatni
angladi: eng katta va eng daromadli investitsiya inson kapitaliga, yaʼni taʼlim
va ilm-fanga sarflangan sarmoyadir. Chunki moddiy resurslar cheklangan,
texnologiyalar esa tez eskiradi, ammo inson zakovati va malakasi cheksiz
imkoniyatlarni yaratadi. Yuqori malakali mutaxassislarsiz iqtisodiyot ham,
sanoat ham, ilm ham yuksalmaydi. Rivojlangan har bir mamlakat oʻz
taraqqiyotini, avvalo, taʼlim tizimini isloh qilishdan boshlagan.
Sifatli taʼlim
olayotgan yosh avlod kelajakda yangi fan sohalarini ochadigan olimlar,
iqtisodiyotni boshqaruvchi menejerlar, innovatsion startaplar asoschilari,
farovon yashash tizimlarini mustahkamlaydigan mutaxassislardir. Shuning uchun
taʼlimga investitsiya faqat davlat majburiyati emas. Oilalarning farzandlar
taʼlimiga eʼtibori, jamiyatning intellektual muhitni qoʻllab-quvvatlashi,
tadbirkorlarning ilm-fanga sarmoya kiritishi — bularning barchasi taraqqiyotga
xizmat qiladi. Davlat esa taʼlimga ajratiladigan mablagʻni koʻpaytirish, oliy
taʼlim sifati va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, yoshlarning ijodiy
fikrlashini ragʻbatlantirish kabi vazifalarga koʻproq eʼtibor qaratadi.
— Bolalarimdagi
ilmga chanqoqlik, mehr, yuqori zehn onasi ikkimizni befarq qoldirmadi. Ularni
qoʻllab-quvvatlashga, bilim, taʼlim olishi uchun yetarli sharoit yaratib
berishga harakat qildik. Oʻzi qiziqqan fan, soha boʻyicha qoʻshimcha darslarda
oʻqishdi. Darsliklar keltirib berdik, chet tillarni oʻrganishdi. Toʻgaraklarga
borishdi. Shukrki, yuzimizni yerga qaratishmadi. Bugun yorugʻ kunlar keldi.
Hozir oʻgʻillarim ikki qanotim boʻlsa, qizlarim — suyanchim. Baraka topishsin,
kerak emas, deyishimizga qaramay, oʻtgan oyning oxirida onasining tugʻilgan
kuni bahona ikkimizga xorij safariga yoʻllanma sovgʻa qilishdi.
Doʻstimning
gaplarini tinglay turib, faxr, quvonch, qoniqish, minnatdorlikni his qildim.
— Bu sendagi sabr
va quntning mukofoti, ogʻayni. Ular berayotgan mevalar shirin va serhosil
boʻlsin, — deb uni bagʻrimga bosdim. Quchoqlab turganimda koʻz yoshlarini menga
bildirmay artib olganga oʻxshadi.
Ertaga
Davlatimiz
rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida
inson kapitalini rivojlantirish hamda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash davlat
siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. Ayniqsa,
zamonaviy mehnat bozori talablariga mos avlodni tarbiyalash masalasi
Murojaatnomaning asosiy gʻoyalaridan biri boʻldi.
Bugun raqamli
imkoniyatlar zamoni. Hozir raqamli texnologiyalar taʼlim sohasida misli
koʻrilmagan qulayliklar yaratib, oʻquvchilarning bilim olish jarayonini
sezilarli darajada oʻzgartirmoqda. Internet resurslari, onlayn platformalar,
interaktiv vositalar, virtual qoʻllanmalar, muayyan mavzuni jonlantirish
texnologiyalari oʻqituvchiyu oʻquvchilar tafakkurining yangi qoʻriqlarini
ochmoqda. Shu bois, soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim sohasidagi
islohotlar zamonaviy tendensiyalarga mos holda rivojlanib bormoqda.
Prezidentimiz
taʼkidlaganidek, yuqori malakali, tashabbuskor kadrlarsiz mamlakatning
ertasini, kelajagini tasavvur qilib boʻlmaydi. Jahon tajribasi shuni
koʻrsatadiki, inson kapitaliga tizimli sarmoya yoʻnaltirgan mamlakatlar
barqaror iqtisodiy oʻsish va turmush darajasini oshirishga erishadi.
Aholining katta
qismini yoshlar tashkil etadigan Oʻzbekiston uchun yosh avlodning salohiyatini
yuksaltirish, zamonaviy va sifatli taʼlim orqali bugungi davr talablariga mos
bilim va koʻnikma berish ustuvor maqsaddir. Oliy taʼlim tizimini modernizatsiya
qilish, xalqaro taʼlim makoniga integratsiya etish va hududiy rivojlanishning
muhim drayveriga aylantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar zamirida ham
ushbu maqsad mujassam.
Islohotlar taʼlim
tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, pedagog kadrlarning mehnat
sharoiti va ijtimoiy himoyasini tubdan yaxshilashga qaratilgan. Bu
chora-tadbirlar taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, oʻqituvchi hamda
tarbiyachilar nufuzini yuksaltirish, yosh avlodning zamonaviy bilim va
koʻnikmalarni egallashiga zamin yaratmoqda. Shu bilan birga, taʼlim
muassasalarining innovatsion rivojlanishi, zamonaviy oʻquv dasturlari va
pedagogik yondashuvlarni joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar
shakllantirilmoqda.
Sohadagi keng
qamrovli islohotlar kelajakda Oʻzbekiston taʼlim tizimining xalqaro
standartlarga mos ravishda rivojlanishini, sifat va raqobatbardoshligini
oshirishni taʼminlaydi. Bu jarayon mamlakatimizda yosh avlodni tarbiyalash va
inson kapitali salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Indin
Doʻstim huzurida
hayallab qoldim. Qarasam, gap bilan boʻlib, ishiga xalal beryapman. Ketishga
izn soʻradim.
— Shoshmay tur,
safardan senga oʻxshagan 3-4 ishli va bekorchi yaqinlarimga sovgʻa olib
kelgandim, shuni ola ket, — deya doʻstim yonidan kichkina boshqaruv pultini
olib, issiqxona hovlisida turgan mashinaga qarata tugmasini bosdi. Kelganimda
ahamiyat bermabman, oppoq yap-yangi zamonaviy elektromobil bir chekkada qoʻr
toʻkib turgan ekan.
— Ie, muborak
boʻlsin, oshna, buyursin, zoʻr-ku!
— Ha, sayohatdan
kelishimizga bolalar hozirlab qoʻyishibdi, — deya men uchun olib kelgan
sovgʻasini uzatdi doʻstim.
Qarasam, chiroyli
qadoqlangan qoʻlsoat tutib turibdi.
— Vaqtida sen va
sendek yaqinlarim bizga madad boʻlgansiz, — dedi oilaning bosh investori. — Bu
barcha qiyinchiliklar vaqti oʻtib ketgani, ortda qolganini eslatib tursin.
Ertamiz bugundan, indinimiz esa ertamizdan yorugʻ boʻlishiga ishora berib,
yaxshi vaqtlarda yashayotganimizni aks ettirib tursin.
Endi men quyilib
kelayotgan quvonch yoshlarimni doʻstimdan yashirishga harakat qila boshladim.
— Kel, yana bir
bagʻrimga bosay...
Nodir
MAHMUDOV,
“Yangi
Oʻzbekiston” muxbiri