Va shu sukut ichida shunday sirlar borki, ularni faqat koʻrib, his qilib anglash mumkin… Biz ham koʻrib, xis qilib anglash maqsadida tabiat qoʻyniga sayohat qildik, sirli va afsonaviy, ertakmonand manzilga yetib keldik. Bizni oʻziga chorlagan bu oshyon Nefrit koʻli edi. Haqiqatdan koʻl shunchalar goʻzalki, uning firuza rangiga bir bor nigoh tashlagan insonning tabiatdan, goʻzallikdan hayrati yanada ortmay iloji yoʻq.

Ugom–Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi hududi Oʻzbekistonning eng goʻzal va betakror maskanlaridan biri. Bu yer nafaqat tabiiy manzaralari, balki boy bioxilma-xilligi bilan ham ajralib turadi.

Ushbu hududdagi mashhur joylardan biri — Gʻazalkent atrofida joylashgan Bodomzor-Boʻritogʻ maskanidir. Bu yer bahor oylarida, ayniqsa, jonlanib, oilalar uchun dam olishga qulay maskanga aylanadi. Biroq, Ugom–Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi tabiatni muhofaza qilish boʻyicha katta inspektori Azimboy Yoldoshevning taʼkidlashicha, dam oluvchilar belgilangan qoidalarga qatʼiy amal qilishlari shart:

— Chiqindilarni faqat belgilangan joylarga tashlash, oʻrmon hududida ochiq olovdan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, shuningdek, Qizil kitobga kiritilgan oʻsimliklar, jumladan, lolalarni uzmaslik zarur.

Shuningdek, hududdagi yirik suv manbalaridan biri — Chorvoq suv ombori Pskom, Koʻksuv va Chotqol daryolari suvlaridan tashkil topgan boʻlib, nafaqat tabiiy, balki rekreatsion ahamiyatga ham ega. Boʻstonliq tumani, Burchmulla davlat oʻrmon xoʻjaligi hududida joylashgan Oʻrungʻoch koʻllari esa tabiatning yana bir noyob moʻjizasi hisoblanadi. Suvining beqiyos tiniqligi tufayli bu koʻllar “Nefrit” nomi bilan mashhur. Ular ikki qismdan — katta (yuqori) va kichik (pastki) koʻllardan iborat.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, koʻl sathi odatda aprel oyi oʻrtalarida eng yuqori darajaga yetadi. Qizigʻi shundaki, bu koʻllarda baliq turlari uchramaydi. Bu esa ularning tashqi suv havzalaridan tabiiy toʻsiqlar bilan ajralib qolgani bilan izohlanadi. Yoz oylariga kelib, ayniqsa avgustda, koʻl suvi miqdori kamayadi va pastki koʻl vaqtincha qurib qolishi mumkin. Bu holat tabiiy jarayon boʻlib, asosan qor suvlarining kamayishi bilan bogʻliq.

Koʻl atrofi yovvoyi tabiatga boy. Bu yerlarda tulki, boʻri, oq tirnoqli Tyan-Shan qoʻngʻir ayigʻi, Sibir togʻ echkilari hamda yovvoyi toʻngʻizlar uchraydi. Ular tabiat muvozanatini saqlashda muhim ahamiyatga ega.

Azimboy Yuldashevning taʼkidlashicha, bunday noyob tabiat goʻshalarini asrab-avaylash har bir insonning burchi hisoblanadi:

— Tabiat — bu kelajak avlodga qoladigan eng katta boylik. Nefrit koʻli dengiz sathidan 1227 metr balandlikda joylashgan. Kichik koʻl suvining harorati 7–8 darajadan oshmaydi. Koʻlning eni 78 metr, uzunligi 350 metr va chuqurligi 10-12 metr atrofida. Biroq bu joyning haqiqiy goʻzalligi raqamlarda emas. Bu yerdagi asosiy moʻjiza — suvning musaffoligi va rangidir. Suv shunchalik tiniqki, uning tubigacha aniq koʻrish mumkin. Shu bilan birga, u firuza — nefrit rangida tovlanib turadi.

Koʻlni hosil qiladigan buloqlar togʻlardagi qorlarning erishidan oziqlanadi. Qorlar erib tugagach, suv manbalari kamayadi va suv asta-sekin yer ostiga sizib ketadi. Ammo bahor kelishi bilan koʻl yana oʻz hayotini davom ettiradi. Oʻrungʻoch irmogʻi vodiysida joylashgan bu koʻllar tabiiy tosh koʻchishi natijasida hosil boʻlgan. Baland togʻlar bagʻrida joylashgani sabab bu yerga yetib borish oson emas. Ammo tabiatning ushbu goʻzalligi barcha qiyinchiliklarga arziydi. Nefrit koʻllariga tashrif buyurish uchun eng qulay vaqt — may–iyul oylari. Bu davrda koʻllar toʻliq suv bilan toʻladi va oʻzining eng goʻzal qiyofasini namoyon etadi.

Nefrit koʻli — bu shunchaki manzara emas. Bu — inson bilan tabiat oʻrtasidagi sukutli muloqot. Bu yerda vaqt sekinlashadi, fikrlar tinchlanadi, inson oʻzini tabiatning bir boʻlagi sifatida his qila boshlaydi. Balki moʻjizaviy koʻlning siri ham shundadir: u javob bermaydi, balki sukunat ortidan savol yoʻllaydi.

Zulxumor AKBAROVA