Qashqadaryo viloyatidagi YPX maskanida “Qarshi – Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Kobalt” avtomobili tekshirildi. Avtomashinada yoʻlovchi sifatida ketgan, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi 1966-yilda tugʻilgan fuqaroga tegishli qoʻl sumkasi koʻzdan kechirilganda, sariq rangli skotch bilan oʻralgan 5 dona oʻramda jami 5 kilogramm 32 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Boshqa bir holatda Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida yashovchi 1974-yilda tugʻilgan shaxs oʻz tomorqasida 33 tup “kannabis” oʻsimligini yetishtirib kelgani fosh etildi. Shuningdek, uning xonadonidan 7 kilogramm 79 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi ham musodara qilindi.

Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa “Andijon – Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Lasetti” avtomobili toʻxtatildi. Tekshiruv davomida unda yoʻlovchi boʻlgan Qoʻqon shahrida yashovchi 2001 va 1982-yillarda tugʻilgan fuqarolarga tegishli qoplar ichida 1200 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlandi.

Ayni vaqtda ushbu avtomobil bilan ketma-ket harakatlanayotgan “Spark” avtomobilidagi 1986-yilda tugʻilgan sherigi ham qoʻlga olindi. Tezkor tadbir davomida mazkur noqonuniy faoliyatga aloqador boʻlgan 1998 va 1980-yillarda tugʻilgan yana ikki nafar fuqaro ushlandi. Ulardan jami 345 dona “Tropikamid” hamda 15 dona “Regapen” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ushbu shaxslar kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kirib, ularni noqonuniy sotish bilan shugʻullanib kelgan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.