Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) prezidenti Leonz Ederning Oʻzbekistonga tashrifi munosabati bilan, mamlakatimizda shakllanayotgan talabalar sportini rivojlantirish modeli, uning tashkiliy mexanizmlari va amaliy natijalarini oʻrganish, shuningdek, Oʻzbekistonning ilgʻor tajribasini butunjahon sport hamjamiyatiga tanitish va boshqa davlatlarda qoʻllash maqsadida 2026-yil 29-sentabrdan 2-oktabrgacha I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi boʻlib oʻtadi.

Forum doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda xalqaro universitet sporti tashkilotlari vakillari ishtirokida talabalar sportini rivojlantirish, sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish va oʻzaro hamkorlik istiqbollarini belgilashga qaratilgan uchrashuv hamda tadbirlar tashkil etiladi.

Tadbirda Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) rahbariyati, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻuliston, Tojikiston va Turkmaniston talabalar sporti federatsiyalari vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Leonz Eder tashrif doirasida I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi hamda talabalar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Besh tashabbus” olimpiadasi sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimlarida ishtirok etadi.