Lekin shu paytgacha ziyoratgoh bunga toʻla imkon bermas, uning atrofida ham shunga yarasha sharoit va imkoniyatlar, sayyohlar uchun qulayliklar boʻlmagan. Taʼbir joiz boʻlsa, majmua buyuk muhaddis bobomizning maʼnaviy merosi va islom olamidagi shuhratiga mos emas edi.

Davlatimiz rahbarining alohida eʼtibori bilan dastlab bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Soʻng majmua hududi kengaytirilib, ziyoratchilarga har tomonlama qulaylik yaratilishi hisobga olindi va ziyoratgohni yangidan bunyod etishga kirishildi. Keyingi 7-8 yilda bu yerda loyihalashdan tortib, qurilish, obodonlashtirish ishlarigacha boʻlgan jarayon Prezidentimizning doimiy eʼtiborida boʻldi. Davlatimiz rahbari har gal Samarqandga kelganida, hatto pandemiya davrida ham, avvalo, majmuadagi ishlar bilan tanishib, qurilishning sifatli va xalqaro talablar darajasida bajarilishini nazorat qildi, zarur tavsiyalar berdi. Ilgari Imom Buxoriy hazratlarining qabri maqbara ostidagi kichik bir xonada boʻlib, bu joyga besh-olti kishigina sigʻishi mumkin edi. Koʻp hollarda nufuzli delegatsiyalar tashrifi chogʻida ushbu holat noqulayliklar keltirib chiqarardi. Bugun esa maqbara ostida joylashgan qabr atrofida yuzlab mehmon tilovat qilishi mumkin.

Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy majmuasi ushbu buyuk allomaning xotirasiga, uning ilmga bagʻishlangan umri va islom ilmlariga qoʻshgan ulkan hissasiga chuqur ehtirom ramzi sifatida barpo etildi. Prezidentimizning 2020-yil 2-martdagi “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar ­strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, ushbu yodgorlik yangi loyiha asosida qayta barpo etildi. Natijada majmua bugun mukammal meʼmoriy yechimga ega boʻldi.

Binolar qurilishida mamlakatimizning mohir ustalari bilan birga xorijiy davlatlardan kelgan meʼmor va hunarmandlar ham ishtirok etdi. Majmua meʼmorchiligida milliy va islom meʼmorchiligi anʼanalari uygʻunligi namoyon boʻlib, koshinkorlik, naqqoshlik, handasaviy naqshlar va epigrafik bezaklar orqali yuksak badiiy qiymat kasb etgan. Bu jihatdan Imom Buxoriy majmuasi nafaqat ziyoratgoh, balki noyob meʼmoriy yodgorlik sifatida ham ahamiyatlidir.

Umumiy maydoni 63,2 gektarni tashkil etuvchi ziyoratgoh hududidagi barcha inshoot yagona meʼmoriy va maʼnaviy gʻoya asosida barpo etilgan. Majmua tarkibiga Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, innovatsion muzey, maʼmuriyat binosi, keng ayvonlar va yordamchi inshootlar kiradi. Majmua peshtoqlari va ayvon devorlariga Qurʼoni karim oyatlari va hadislar bitilgan.

Majmuaning asosiy meʼmoriy markazi boʻlgan masjid ulugʻvor qiyofasi va mukammal loyihaviy yechimi bilan har bir ziyoratchini hayratga soladi. Inshootning birinchi qavati va yer osti qismi 60×60 metr oʻlchamda barpo etilgan boʻlib, ichki hajmning oʻrta — ustunsiz qismi 38×38 metrni tashkil etadi. Bunday muhandislik yechimi ibodatxona ichida keng, yorugʻ va ochiq fazo yaratib, jamoaviy ibodatni bemalol ado etish imkonini taʼminlaydi.

Masjid gumbazining diametri 19 metr boʻlib, uni toʻrt tomondan har birining diametri 8 metrli kichik gumbazlar uygʻun tarzda toʻldirib turadi. Zalning balandligi chetki qismlarda 11,5 metrni tashkil etsa, markaziy qismi 41,1 metrgacha ­koʻtarilgan. Ana shu meʼmoriy mutanosiblik va balandlik uygʻunligi imoratga betakror salobat va ulugʻvorlik bagʻishlaydi.

Masjid bir vaqtning oʻzida 10 ming namozxonni sigʻdira olish quvvatiga ega. Birinchi qavatdagi asosiy namozgoh 3440 kvadrat metr maydonni egallab, umumiy hajmi 69 ming 429 kub metrni tashkil etadi. Ayollar uchun moʻljallangan yer osti qismi esa 20 ming 491 kub metr hajmga ega boʻlib, zamonaviy talablar asosida barcha sharoit yaratilgan.

Ushbu koʻlam va meʼmoriy yechimlar masjidni nafaqat ibodatgoh, balki muhtasham meʼmoriy obida sifatida ham namoyon etadi. Anʼanaviy islomiy uslubda, zamonaviy meʼmoriy yechim uygʻunlashgan holda barpo etilgan ushbu masjid binosi ochiqlik, birdamlik va bagʻrikenglik ramzidir.

Ziyoratgohning toʻrt burchagida qad rostlagan, balandligi 75 metrga yetadigan toʻrt minora majmuaning meʼmoriy qiyofasiga oʻziga xos salobat va koʻrk bagʻishlaydi. Ularning mutanosib balandligi va nafis shakliy yechimi inshootning ulugʻvorligini yanada oshiradi. Uzoqdanoq koʻzga tashlanadigan ushbu minoralar ziyoratgohning maʼnaviy nufuzi va meʼmoriy qudratini ifodalovchi timsol hamdir.

Imom Buxoriy maqbarasi — majmuaning maʼnaviy markazi. Maqbara binosi yer ustida 14×14 metr oʻlchamda qad rostlagan. Eski maqbara qismi 9×9 metrni tashkil etar edi. Imorat umumiy balandligi 28, gumbaz diametri 8,3 metrga teng. Maqbaraning yer osti zali maydoni 1850 kvadrat metr boʻlib, ziyoratchilar uchun shinam sharoit yaratilgan.

Majmuaga kirish va chiqishni taʼminlovchi ikki ayvonning har biri 684 kvadrat metr maydonga ega boʻlib, ularning diametri 17 metrni tashkil etadi. Yon ayvonlarda ustun balandligi 7,8 metr, ustunlar orasidagi masofa esa 5,4×5,4 metr. Bu oʻlchamlar ayvonlarda kenglik va nafosat uygʻunligini taʼminlagan.

Davlatimiz rahbari har gal Samarqandga tashrifi chogʻida ushbu tabarruk ­ziyoratgohni tiklash, uning tarixi va mazmunini toʻgʻri talqin qilib yetkazish boʻyicha koʻrsatmalar berar edi. 2022-yil 17-18-avgust kunlari Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi davomida Prezidentimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi bilan yaqindan tanishdi. Shu taassurotlar asosida 2022-yil 24-avgust kuni Imom Buxoriy majmuasiga tashrif chogʻida berilgan koʻrsatmalar asosida majmua tarkibidagi innovatsion muzeyni barpo etish ishlari boshlab yuborildi.

Toʻqqiz pavilyondan iborat innovatsion muzey Imom Buxoriyning hayoti va boy ilmiy merosi, islom maʼrifati rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzey ekspozitsiyalarida Qurʼoni karimda ismi zikr etilgan 25 paygʻambar tarixi, paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayot yoʻllari, buyuk muhaddislar nomi va ular qoldirgan boy meros, hadislarning jamlanishi va yozib olinish jarayoniga oid muhim maʼlumotlar oʻrin olgan.

Ziyoratchilarning majmua boʻylab qulay harakatlanishini taʼminlash maqsadida zamonaviy lift tizimi oʻrnatilgan: 1000 kilo koʻtarish quvvatiga ega panoramali lift, 800 kilogacha koʻtaradigan oltita bir tomonlama eshikli lift va 400 kilo yuk koʻtaradigan bir tomonlama eshikli lift. Bundan tashqari, ikkita eskalator ham oʻrnatilgan.

Majmua hududida ziyoratchilar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. ziyoratchilar ekskursiya xizmati, axborot materiallari va maʼrifiy suhbatlar orqali buyuk allomaning ibratli hayoti va merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu muqaddas qadamjoda avval bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, hozir 65 ming mehmonga xalqaro standartlarga mos xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud. Ziyoratgoh atrofida mehmonxonalar va savdo-servis nuqtalari tashkil etilgan.

Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi bugun Oʻzbekistondagi eng muhim maʼnaviyat va maʼrifat markazlaridan biri sifatida yangidan faoliyat boshladi. Oʻzining ilmiy ahamiyati, maʼnaviy qudrati va meʼmoriy goʻzalligi bilan u inson qalbida poklik, ilmga, buyuk ajdodimizga hurmat, milliy va diniy qadriyatlarga sadoqat tuygʻularini mustahkamlaydigan qutlugʻ maskandir. Bir necha ming namozxonni sigʻdira oladigan masjid, mahobatli toʻrt minora, innovatsion muzey, zamonaviy lift va eskalatorlar, yuqori oʻtkazuvchanlikka ega tahoratxonalar, mehmonxonalar va servis nuqtalari — bularning barchasi majmuaning nafaqat muqaddas maskan, balki yuksak darajadagi xizmat koʻrsata oladigan zamonaviy obyekt ekanidan dalolat beradi. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi buyuk allomaning islom ilmlariga qoʻshgan beqiyos hissasiga munosib hurmat ifodasi sifatida asrlar davomida avlodlarga meros boʻlib qoladi.

Otabek MUHAMMADIYEV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi direktori oʻrinbosari,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori