Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 1987 yilda tugʻilgan shaxs oʻzining 1983 va 1990 yillarda tugʻilgan tanishlari bilan oldindan til biriktirib, firibgarlik yoʻli bilan davlat yerini sotishga uringani aniqlandi.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, gumondorlar Yangiyoʻl tumani hududida chorvachilik maqsadida foydalanib kelinayotgan davlatga tegishli yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, xaridor ishonchini suiisteʼmol qilgan.
Ular 1 sotix yerning narxini taxminan 1 ming AQSh dollaridan hisoblab, jami 4 gektar yerning 400 ming AQSh dollariga sotilishi boʻyicha kelishuvga erishgan.
Tezkor tadbir davomida gumondorlar kelishilgan mablagʻning bir qismi — 20 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Mazkur holat yuzasidan gumondorlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi toʻrtinchi qismi «a» bandi (juda koʻp miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni yer maydonlari, koʻchmas mulk va boshqa mulkiy munosabatlarga oid bitimlarni faqat qonunchilikda belgilangan tartibda hamda vakolatli idoralar orqali amalga oshirishga chaqirdi. Taʼkidlanishicha, hushyorlik va huquqiy savodxonlik firibgarlikning oldini olishdagi eng muhim omillardan biri hisoblanadi.