Unda kengash a’zolari, ayol jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda oilaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, milliy qadriyatlarni asrash, ayolning oila va jamiyat hayotidagi mas’uliyati, farzand tarbiyasidagi beqiyos hissasi haqida atroflicha fikr almashildi. So‘zga chiqqanlar oila inson ma’naviyati shakllanadigan muqaddas maskan, jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini ekanini alohida ta’kidladilar.

Ayniqsa, bugungi globallashuv sharoitida ommaviy axborot vositalari zimmasiga katta mas’uliyat tushayotgani qayd etildi. Chunki yoshlar ongi, dunyoqarashi va hayotga munosabatida media mahsulotlarning ta’siri ortib bormoqda. Shu bois OAV vakillari zimmasida oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzini keng yoritish, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashdek muhim vazifalar turibdi.

Yig‘ilishda jurnalistikaning nafaqat axborot yetkazish, balki tarbiya vositasi ekani ham ta’kidlandi. Oila mavzusini yuzaki emas, balki hayotiy misollar, ta’sirchan obrazlar va haqqoniy yondashuv asosida yoritish zarurligi aytildi. Chunki bitta ijobiy oila timsoli butun jamiyat uchun ibrat bo‘lishi mumkin.

Tadbir doirasida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali davlat muassasasi “Kino-videomahsulotlar va tezkor dublyaj” muharririyatining katta muharriri Nozima Vohidova Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 sentyabrdagi 437-son qaroriga asosan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan tantanali ravishda taqdirlandi.

Taqdirlash jarayonida ishtirokchilar mazkur e’tirof nafaqat bir oilaning yutug‘i, balki milliy qadriyatlarga sadoqat, o‘zaro hurmat va ma’naviy birlikning ramzi ekanini ta’kidladilar.

Faxriy jurnalist Muhabbat Xamidova tadbirda so‘zga chiqar ekan, ayolning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida oiladagi muhit va qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi:

— “Ayol kishi qo‘llab-quvvatlansa, unga imkoniyat yaratilsa, albatta unib-o‘sadi. Ayollarimiz faolligida erkaklarimizning ham hissasi bor”, — dedi u.

Darhaqiqat, bugungi kunda jamiyatda faol va tashabbuskor ayollar safining kengayib borayotgani ortida, avvalo, ularning oilasi, yaqinlari va ishonchi turibdi. Tadbirda ham aynan shu jihat — oiladagi hamjihatlik, o‘zaro hurmat va ma’naviy tayanch “Ibratli oila”ning eng muhim mezoni sifatida e’tirof etildi.

Nozima Vohidova ham so‘zga chiqib, ushbu mukofotni avvalo ota-onasiga berilgan e’tirof deb bilishini ta’kidladi.

— “Tarbiya ota-onadan bo‘ladi. Bu mukofotni bizga emas, avvalo bizni voyaga yetkazgan ota-onamizga berilgan mukofot deb o‘ylayman”, — dedi u.

U farzandlarining xorijda ilm-fan va ta’lim sohasida erishgan yutuqlari haqida to‘xtalar ekan, o‘zbek nomi va milliy qadriyatlarni dunyoga munosib tanitish har bir oilaning ma’naviy burchi ekanini qayd etdi.

Tadbir davomida oilaning mustahkamligi, ayolning jamiyat va oiladagi o‘rni, ma’naviy qadriyatlarni asrash haqida chuqur mulohazalar bildirildi. Ayniqsa, “Ayol avvalo ona, oila bekasi va turmush o‘rtog‘i ekanini unutmasligi kerak” degan fikrlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Samimiy va ma’rifiy ruhda o‘tgan uchrashuv she’riyat bilan ham boyidi. O‘qilgan she’rlar oiladagi mehr, sadoqat va butunlik g‘oyalarini yanada teran ifoda etdi.

Yig‘ilish yakunida oilaviy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, ayol jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ommaviy axborot vositalarida oila mavzusidagi materiallar sifatini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Zero, mustahkam oila — mustahkam jamiyat tayanchi. “Ibratli oila” esa nafaqat bir xonadonning, balki butun millat ma’naviyatining yuksak namunasidir.

Zulxumor Akbarova