Bugun ishga kelishdan oldin shu tunneldan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu yerdan o‘tib-qaytuvchilarning sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Kuniga yuzlab tadbirkorlar, minglab yurtdoshlarimiz, o‘nlab chet el fuqarolari-turistlar o‘tib-kaytadigan mazkur serqatnov yer osti yo‘li ta’mirtalab bo‘lganiga ancha yillar bo‘lgan. Ehtimol, barpo bo‘lganidan beri tayinli qarov ko‘rmagandir. Nimagadir mas’ullar mamlakatimiz ichki imidjiga ta’sir qiladigan bu ishga e’tibor qaratmayapti.
Xohlaymizmi-yo‘qmi, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan obyekt holati kayfiyatimiz o‘zgarishiga turtki beradi. Aytmoqchimizki, mazkur yer osti yo‘lidan o‘tadigan odamlarning nazari ham beixtiyor tunnel devorlarining xunukligi, bu yerda chiqindilarning to‘planib qolishi kabilarga tushadi. Bu ularga ko‘tarinkilik baxsh etmaydi.
Bunyod etilganiga 30 yilcha bo‘lgan mazkur yer osti yo‘li qachon ta’mirlanishi bilan bog‘liq savollarimizga javob olishga harakat qildik. Toshkent shahar hokimligi vakili obyekt O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga qarashli ekanini ma’lum qildi. Qo‘mita mas’uli esa buni rad etdi. Chilonzor tumani hokimligi mutasaddisi masalaga oydinlik kiritmadi.
Aytishlaricha, ushbu tunnel rasman foydalanishga topshirilmagan. Ammo undan tadbirkorlar va ularning tovarlarini sotib oluvchi aholi foydalanishini hisobga olsak, ehtimol, hududdagi Chilonzor buyum va boshqa bozorlar hamda yirik savdo majmualariga mazkur yer osti yo‘lini zamonaviy uslubda rekonstruksiya qilish tavsiya etilishi lozim. Zero, tadbirkor – elga madadkor.
X. Salimov