Hodisa 26-avgust kuni ertalab Pokiston tibbiyot fanlari instituti (PIMS)ning Ona va bola salomatligini muhofaza qilish boʻlimida sodir boʻlgan. Yongʻin binoga uchinchi qavatdagi yangi tugʻilgan chaqaloqlar boʻlimida chiqqan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yongʻin konditsioner tizimidagi nosozlik, xususan, kompressor portlashi ortidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Biroq hodisaning aniq sababi maxsus komissiya tomonidan oʻrganilmoqda.
Hodisa vaqtida boʻlimda 15–16 nafar yangi tugʻilgan chaqaloq boʻlgani haqida turli maʼlumotlar berilgan. Ulardan kamida biri shifokor tomonidan qutqarilgan.
Yongʻin haqidagi chaqiruv soat 6:54 da kelib tushgan, qutqaruv va yongʻin oʻchirish guruhlari yetti daqiqa ichida voqea joyiga yetib borgan. Hodisa joyiga oltita yongʻin oʻchirish mashinasi va toʻrtta tez yordam avtomobili jalb etilgan.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif fojia yuzasidan zudlik bilan surishtiruv oʻtkazish va aybdorlar aniqlansa, ularga nisbatan qatʼiy chora koʻrish boʻyicha topshiriq bergan. Islomobod maʼmuriyati hodisaning aniq sababi, yongʻin xavfsizligi choralarining holati hamda qutqaruv ishlari samaradorligini oʻrganish uchun maxsus komissiya tuzgan. Unga 24 soat ichida hisobot tayyorlash vazifasi yuklangan.