Italiyaning Sardiniya orolidagi Bolotan tog‘ qishlog‘i olimlarga uzoq umr ko‘rish sirlarini ochish uchun noyob imkoniyat berishi mumkin. “Frontiers in Aging” jurnalida maqolasi chop etilgan tadqiqotchilar ushbu qishloqia 70 yoshgacha yashagan ayollarning 100 yoshgacha yashash ehtimoli AQShdagi ayollarga qaraganda deyarli uch baravar yuqori ekanligini aniqladi.

Olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bu manzilgoh yangi “moviy hudud” bo‘lishi mumkin, ya’ni odamlar g‘ayritabiiy uzoq yashaydigan hudud. Boshqa “moviy zonalar” qatoriga, masalan, Yaponiyaning Okinava oroli va Kosta-Rikadagi Nikoya yarim oroli ham kiradi, deya xabar berdi vokrugsveta.ru.

Dastlab, olimlarning e’tiborini Bolotanga bu manzilgohda uzoq umr ko‘ruvchilarning g‘ayrioddiy yuqori konsentratsiyasi, ya’ni ma’lum bir joyda to‘planishi tortdi. Ma’lumotalarga ko‘ra, 2024 yilda 2300 ga yaqin aholisi bo‘lgan ushbu qishloqda 100 va undan katta yoshdagi olti kishi yashagan. Aholining har bir birligiga to‘g‘ri keladigan uzoq umr ko‘ruvchilarning tarqalish ko‘rsatkichi AQSHga qaraganda taxminan 11 baravar yuqori.

Tadqiqot davomida olimlar qishloq aholisining yuz yildan ortiq davom etgan demografik ma’lumotlarini tahlil qildi. Bolotananing yana o‘ziga xosligi shundaki, unda odamlarning tug‘ilgan va vafot etgan sanalarini aniq belgilash imkonini beruvchi nihoyatda batafsil tarixiy yozuvlar mavjud. Bu yerda munitsipal va cherkov yozuvlari asrlar davomida olib boriladi, bu esa tadqiqotchilarga aholining yoshini mustaqil ravishda tekshirish imkonini berdi.

Natijada Bolotanda 1900 yildan 1925 yilgacha tug‘ilgan 3060 kishi orasida 38 nafar uzoq umr ko‘ruvchi aniqlandi.

Olimlar o‘z tahlillarida quyidagi ikkita asosiy ko‘rsatkichni baholadi:

• 70 yoshga yetganda kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi

• 70 yoshgacha yashagan odamning 100 yoshgacha yashash ehtimoli.

Garchi orolda ilgari aniqlangan “moviy zona” erkaklarning g‘ayrioddiy yuqori umr ko‘rish davomiyligi bilan mashhur bo‘lsa-da, Bolotanda boshqa guruh: ayollar birinchi o‘ringa chiqdi. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu qishloqda ayollarning 13,8 foizi 100 yoshgacha yashaydi, Italiyaning qolgan qismida esa bu ko‘rsatkich taxminan 3,5 foizni tashkil etadi.

70 yoshga yetgan mahalliy ayollarning kutilayotgan keyingi umr ko‘rish davomiyligi deyarli 21 yilni tashkil etadi. Uzoq umr ko‘rish bo‘yicha jahon reytingida Bolotan ayollari 70 yoshdan keyin kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi va 100 yoshgacha yashash ehtimoli bo‘yicha faqat Gonkong ayollaridan keyin turadi.

Nega Bolotandagi ayollar bunchalik uzoq umr ko‘rishadi?

Shunday qilib, Bolotanda dunyodagi eng uzoq umr ko‘ruvchi ayollar populyatsiyalaridan biri mavjud va bunda ovqatlanish, jismoniy faollik, ijtimoiy aloqalar, oilani qo‘llab-quvvatlash va genetika kabi omillar o‘z rolini o‘ynashi mumkin, deb taxmin qildi olimlar.

Shunday qilib, mahalliy aholi notekis joylarda piyoda sayr qilish uchun qulay sharoitlarda yashaydi, chunki qishloq tog‘larda joylashgan. Odamlar asosan avtomobilda emas, balki piyoda harakatlanadi. Mahsulotlarning katta qismi shu yerning o‘zida yetishtiriladi, xususan, foydali yog‘larga boy zaytun moyi ishlab chiqariladi. Oilalar ko‘pincha yonma-yon yashaydi, ijtimoiy yakkalanish esa kam uchraydigan hodisa. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Bolotanda odamlar bir-biriga g‘amxo‘rlik qiladigan jipslashgan jamoa shakllangan.