Parvozlar haftasiga to‘rt marta 189 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737-800 rusumidagi havo kemalarida bajariladi.

Yangi yo‘nalishning ochilishi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi havo qatnovlarini rivojlantirishda muhim voqea bo‘ladi. Tarixda ilk bor Toshkent va Izmir shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviaaloqa yo‘lga qo‘yilib, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik, biznes va madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Uzbekistan Airports AJ uchun ham ushbu yo‘nalishning ochilishi alohida ahamiyatga ega. SunExpress O‘zbekiston aviatsiya bozoriga ilk bor kirib kelmoqda hamda mamlakatga muntazam reyslarni amalga oshiruvchi uchinchi Turkiya aviakompaniyasiga aylanadi. Bundan tashqari, aviakompaniya kelgusi yil boshidan Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarga ham muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar Turkish Airlines hamda AJet aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Yana bir yirik Turkiya aviatashuvchisining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi xalqaro aviakompaniyalarning mamlakat aviatsiya bozoriga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi va respublikaning xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

SunExpress — Turkiyaning yetakchi loukoster aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, 1989 yilda Turkish Airlines va Lufthans akompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan. Aviakompaniya Antaliya va Izmir shaharlarida bazalashgan bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyoning 37 ta mamlakatidagi 250 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiradi.