Bugungi kunda O‘zbekiston JSTga a’zolik jarayonini faol davom ettirar ekan, bu imkoniyat savdo sohasidagi korrupsiya xavflarini kamaytirish va biznes muhitini yaxshilash uchun muhim omilga aylanmoqda.

Xalqaro savdoda tovarlarning xalqaro muomalasi eng avvalo ma’muriy tartib-taomillarning qanchalik aniq va oshkora ekanligiga bog‘liq. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, import yoki eksport jarayonida talablar noaniq, ma’muriy jarayonlar esa sun’iy ravishda cho‘zilgan joyda tadbirkorlar va mansabdor shaxslar o‘rtasida norasmiy muloqotga zamin yaratiladi. Shuning uchun ham zamonaviy xalqaro savdo huquqida korrupsiyaga qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jazo choralari bilan cheklanmaydi, u eng avvalo ma’muriy muhitni shaffoflashtirish va instutsional to‘siqlarni yo‘qotish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni nimani anglatadi. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishning faol bosqichida turibdi. Bu jarayon milliy qonunchilikni keng ko‘lamda transformatsiya qilishni talab etadi. Biroq, a’zolikka tayyorgarlik doirasidagi islohotlar, bu shunchaki xalqaro talablarni bajarish emas. Bu korrupsion xavf-xatarlarni minimallashtirish uchun institutsional muhitni qayta qurishning noyob imkoniyatidir.

Jahon savdo tashkiloti (WTO) — bu xalqaro savdoning umumiy huquqiy tamoyillarini belgilaydigan hamda a’zo davlatlar o‘rtasida kamsitmaslik, oshkoralik va adolatli raqobatni ta’minlaydigan global xalqaro muassasadir.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi hozirgi kunda tashkilotning to‘laqonli a’zosi emas, balki JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar olib borish bosqichida (process of accession) turibdi. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhi (Working Party on the Accession of Uzbekistan) doirasida ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar izchil davom etmoqda. Ushbu muzokaralar jarayonida milliy qonunchilikni JST bitimlari va standartlariga moslashtirish, shu jumladan savdoga taalluqli barcha normativ-huquqiy hujjatlarni unifikatsiya qilish amalga oshirilmoqda. Bu jarayon shunchaki xalqaro majburiyatlarni qabul qilish emas, balki ichki ma’muriy amaliyotni tartibga solish va davlat organlarining xususiy biznesga asossiz aralashuvini cheklash uchun qulay huquqiy platforma yaratadi.

Kutilayotgan a’zolik shuni anglatadiki, mamlakat o‘z qonunchiligini JST qoidalariga uyg‘unlashtirish majburiyatini oladi. Davlat va biznes uchun buning ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Ko‘pincha o‘zgaruvchan bo‘lgan ichki ma’muriy tartib-taomillardan xalqaro e’tirof etilgan standartlarga o‘tish, bu davlat organlari uchun aniq huquqiy chegaralar o‘rnatilishini bildiradi. O‘z navbatida, bu tarixan korrupsiyaning asosiy katalizatori bo‘lib kelgan byurokratik o‘zboshimchalikni qisqartiradi.

JST va yuridik shaffoflik prinsipi. JST tizimida shaffoflik, bu mavhum tushuncha emas, balki qat’iy huquqiy majburiyatdir. Tashkilotning asosiy hujjati — Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitim (GATT 1994) va uning X moddasi barcha savdo qonunlari, qoidalari va ma’muriy qarorlarning amaliyotda qo‘llanilishidan oldin e'lon qilinishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri talab qiladi. Savdoni cheklovchi hech qanday “maxfiy ichki yo‘riqnomalar” bo‘lishi mumkin emas.

Yana ham kuchliroq vosita — bu JSTning Savdo tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimi (Trade Facilitation Agreement, TFA). U davlatlar zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklaydi:        

  • barcha savdo tartib-taomillari, boj va yig‘imlar stavkalarini internetda e’lon qilish;
  • biznesning so‘rovlariga javob berish uchun axborot markazlarini (Enquiry Points) tashkil etish;
  • bojxona organlarining ma’muriy qarorlari ustidan mustaqil shikoyat qilish huquqini ta’minlash.

Ushbu mexanizmlarning O‘zbekiston milliy huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etilishi, “o‘yin qoidalari”ning oldindan ma’lum bo‘lishini yuridik jihatdan kafolatlaydi.

Nega savdoning shaffofligi korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq? Yuridik nuqtai nazardan, tashqi savdodagi korrupsion xavflar mansabdor shaxslarning haddan tashqari keng vakolatlari mavjud bo‘lgan joyda yuzaga keladi. Agar import qiluvchi tovarlarni olib kirish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlarning to‘liq ro‘yxatini ochiq manbalardan topa olmasa va mansabdor shaxslar o‘z xohishiga ko‘ra “qo‘shimcha ma’lumotnomalar” so‘rash huquqiga ega bo‘lsa, u yerda norasmiy munosabatlar paydo bo‘ladi. Kutilmagan talablar, turli kompaniyalarga qoidalarning turlicha qo‘llanilishi va rasmiylashtirishdagi asossiz kechikishlar biznesni “aylanma yo‘llar” izlashga majbur qiladi. Aniqlashtirilgan qoidalar, oldindan e’lon qilingan tartib-taomillar va mansabdor shaxslarning tadbirkor bilan shaxsiy aloqasini cheklash — bu kabi xavflarga qarshi institutsional javobdir.

JSTning korrupsiyaga qarshi kurashdagi orni. Jahon savdo tashkiloti o‘z faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va qonun ustuvorligi tamoyillariga asoslanadi. Tashkilotning asosiy vazifalaridan biri – a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo munosabatlarini tartibga soluvchi aniq qoidalar tizimini yaratish va ularning bajarilishini ta’minlashdir.

JST haqidagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tashkilot a’zolari o‘rtasidagi savdo hajmi taxminan 140 foizga oshadi. Bu nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki savdo jarayonlarining rasmiylashtirilishi va shaffofligining ortishi demakdir.

JST quyidagi mexanizmlar orqali korrupsiyaga qarshi kurashga hissa qo‘shadi:

  • “Savdoni osonlashtirish bitimi”(TFA) – bojxona jarayonlarini soddalashtirish, hujjatlashtirish talablarini kamaytirish va raqamli tizimlarni joriy etish orqali korrupsiya xavfini minimallashtiradi.
  • Regulyatorlik moslashuvi – a’zo davlatlar yangi texnik va oziq-ovqat xavfsizligi choralarini oldindan e’lon qilishlari kerak, bu esa kutilmagan to‘siqlar va korrupsion holatlarni oldini oladi.
  • “Davlat xaridlari bitimi” (GPA) – ishtirokchi davlatlarga kamsitilmas shartlarda davlat xaridlarida qatnashish imkoniyatini beradi, bu esa davlat xaridlaridagi korrupsiya xavflarini kamaytiradi.
  • Tariflarning bashorat qilinuvchanligi – a'zo davlatlar maksimal tarif stavkalarini belgilab qo‘yadilar, bu esa biznes uchun uzoq muddatli rejalashtirish imkonini beradi va g‘ayriqonuniy to‘lovlar ehtimolini kamaytiradi.

JST va O‘zbekistonning milliy korrupsiyaga qarshi siyosati. JST qoidalarini implementatsiya qilish O‘zbekiston milliy qonunchiligidan ajralmas jarayondir. Xalqaro savdo standartlari davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi tamoyilini to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkamlovchi O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan uyg‘unlashadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi Qonuni alohida ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil sentabr oyida Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qilganida, mamlakatimizni JSTga a’zo bo‘lishga tayyorlash doirasida bojxona organlarida raqamli yechimlar joriy etilayotgani, ma’muriy to‘siqlar qisqartirilayotgani va korrupsiyaviy xavflar kamaytirilayotgani ta’kidlandi.

Xulosa

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun nafaqat iqtisodiy, balki institutsional islohotlar uchun ham muhim imkoniyatdir. Savdo sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashda JSTning shaffoflik, ochiqlik va qonun ustuvorligi tamoyillari mamlakatimizga yangi standartlarni joriy etish, davlat boshqaruvini takomillashtirish va xalqaro hamjamiyatda ishonchli sherik sifatida tan olinish imkonini beradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash “favqulodda holat” e’lon qilingan darajada qat’iy olib borilmoqda va JSTga a’zolik bu jarayonni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Kelajakda mamlakatimiz JST a’zosi sifatida nafaqat savdo hajmini oshirish, balki savdo muhitini shaffof, adolatli va korrupsiyadan xoli qilish orqali barqaror iqtisodiy o'sishga erishishi mumkin.

 

Fayzulloyev Shohijaxon,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi sho‘basi
Dotsenti vazifasini bajaruvchi