Kichik biznes iqtisodiyotda bandlik, daromad va raqobat muhitini taʼminlaydigan muhim tarmoq hisoblanadi. Shu bois, soʻnggi yillarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi ayrim tartibotlar biznesning tabiiy oʻsishiga toʻsqinlik qilmoqda. Xususan, kichik biznes subyektlari tushumi 1 milliard soʻmgacha boʻlganda soddalashtirilgan soliq rejimida ishlaydi. Ushbu chegaradan oshganda esa qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi toʻlashga oʻtadi.
Mazkur chegara 2019-yilda belgilangan boʻlib, oʻtgan davrda narxlar sezilarli ravishda oshdi. Natijada ayrim tadbirkorlar 1 milliard soʻmlik chegaraga yaqinlashganda aylanmani yashirish, chek bermaslik yoki biznesni bir nechta subyektga boʻlish amaliyotiga oʻtmoqda.
Taqdimotda 2026-yil 1-iyundan kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga oʻtishdagi chegaraviy miqdorni 1 milliard soʻmdan 5 milliard soʻmga oshirish taklif qilindi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish sohalari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish tashabbusi bildirildi. Unga koʻra, tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6 foiz stavkada QQS toʻlab, foyda soligʻidan ozod etilishi yoki amaldagi umumiy tartibda ishlashni davom ettirishi mumkin boʻladi.
Bu orqali kichik biznes uchun soliq hisoblash va toʻlash jarayoni soddalashadi, maʼmuriy yuk kamayadi, aylanmalarni yashirish va biznesni sunʼiy boʻlishga ragʻbat pasayadi.
QQS maʼmuriyatchiligidagi murakkabliklar ham tahlil qilindi. QQSga oʻtgan tadbirkorlarda hisobotlar soni 2 baravarga oshmoqda. 2025-yilda hisobotlarda xato aniqlangan soliq toʻlovchilarning 77 foizi QQS toʻlovchilarining hissasiga toʻgʻri kelgan.
Shu bois, past xavf darajasiga ega tadbirkorlar uchun QQSning salbiy farqini avtomatik qaytarish, QQS toʻlovchisi guvohnomasini vaqtincha toʻxtatib turish tartibini bekor qilish, import boʻyicha majburiy QQSga oʻtish amaliyotini qayta koʻrib chiqish va bank hisobraqamlarini ochish jarayonini avtomatlashtirish taklif etildi.
Kichik biznes subyektlariga nisbatan ma’muriy bosimni kamaytirish maqsadida tadbirkorga xatolarni mustaqil tuzatish imkoniyatini berish hamda soliq xavfi 500 million so‘mgacha bo‘lgan holatlarda soliq auditi, 100 million so‘mgacha bo‘lganda esa sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazmaslik tartibini joriy etish taklif qilindi.
Umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasida ham bir qator yengilliklar nazarda tutilgan. Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd shaklda realizatsiya qilishga ruxsat berish, QQSning bir qismini qaytarishda naqd pulsiz tushum ulushi doir talabni bekor qilish, ayrim xodimlarni soddalashtirilgan tarzda rasmiylashtirish taklif qilindi.
Ushbu choralar 600 mingdan ortiq kichik biznes subyekti uchun qonuniy oʻsish imkoniyatini oshirishi kutilmoqda. Soliq bazasi shaffoflashishi hisobiga budjetga yiliga kamida 2 trillion soʻm qoʻshimcha tushum tushishi prognoz qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu takliflarni maʼqullab, kichik biznesga qulay va adolatli sharoit yaratish, soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish hamda raqamlashtirish orqali tadbirkorlarni faoliyatini kengaytirishga ragʻbatlantirish va ishonchini mustahkamlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.