Shu bois lolalarni asrash, ularning tabiiy muhitini saqlab qolish hamda aholida ekologik mas’uliyatni kuchaytirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylanmoqda.

Mazkur masalaga aniqlik kiritish, lola turlarining bugungi holati hamda ularni asrash choralari­ni bilish maqsadida ushbu yo‘nalishda tadqiqot o lib borayotgan mutaxassis, Biologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Komiljon Tajibayev bilan suhbat uyushtirdik.

— Lolalar mavzumi boshlanmoqda. Aytingchi, dunyo ilm-fanida lolalarning kelib chiqish markazi sifatida qaysi hudud e’tirof etiladi?

Bu borada ilmiy xulosa aniq: lolalarning 100 foiz birlamchi kelib chiqish vatani — Markaziy Osiyo. Bu yerdan ular Kavkaz va Turkiya orqali butun dunyoga, xususan, 1600-1700 yillarda Yevropaga tarqalgan. Hatto Yevropaning mashhur «lola maniyasi»ga sabab bo‘lgan gullarning ildizi ham bizning tog‘larga borib taqaladi. Dunyoda lolaning 100 ga yaqin turi bo‘lsa, ularning 80 foizi Markaziy Osiyoda o‘sadi. O‘zbekistonda esa 34 ta turi mavjud. Qozog‘istonda turlar soni bizdagidan biroz ko‘proq, bu ularning hududi kengligi bilan bog‘liq. Lekin asosiy genetik fond mana shu yerda.

— Bugungi kunda tabiiy lolalarni qayerda ko‘rish mumkin va ularni uzish mumkinmi?

— Afsuski, aholi punktlari kengayishi natijasida tabiiy lolalar faqat tog‘li hududlarda qoldi. Shuni qat’iy ta’kidlash kerak: tabiiy lolalarni uzish mumkin emas! Ko‘pchilik turlar «Qizil kitob»ga kiritilgan. Lolani uzish nafaqat tabiatga zarar, balki ma’muriy va jinoyiy javobgarlikka ham sabab bo‘ladi. Gul uzilganda uning piyoz­i nobud bo‘lishi yoki ko‘payishdan to‘xtashi mumkin. 1924–1931 yillar oralig‘ida, davlat iqtisodiy qiyinchilikda bo‘lgan paytlarda, Markaziy Osiyodan tuyalarga ortilgan yashiklarda minglab lola piyozlari chetga olib chiqib ketilgan. Bu bizning tabiiy boyligimizning katta qismi eksport qilinganini anglatadi.

— Lolalarning Yevropaga chiqib ketishi nafaqat gul, balki katta iqtisodiy jarayon bo‘lgan deyishadi. Bugungi bozorda ularning qadri qanday?

— Ha, Yevropa, xususan Gollandiya vaqtida bizning hududlardan eng toza, sara genetik materiallarni yig‘ib olib ketgan. O‘sha paytlarda bitta lola piyozining narxi uyning narxi bilan teng bo‘lgan. Hozir ham Yevropa bozorida Markaziy Osiyoning ayrim noyob lola piyozlari (masalan, Qozog‘istondagi Tulipa regeli — Regel lolasi) 20 dollardan sotiladi. Bu lolaning bargi boshqalarinikidek silliq emas, shiferga o‘xshash bo‘ladi. Bu tijorat ortida ulkan mablag‘ va bizning tabiiy boyligimiz yotibdi.

— Xo‘sh, lolani O‘zbekistonning milliy brendiga aylantirish uchun nima qilish kerak?

— Birinchi navbatda, buni davlat darajasidagi biznes va turistik brendga chiqarish lozim. Turkiya bundan milliardlab dollar foyda ko‘radi. Bizda esa biologik asos va tarix boyroq. Lolalarimizni asrash, ularni madaniy holda ko‘paytirish va dunyoga «Asl vatan — O‘zbekiston» degan g‘oyani singdirish kerak. Bu ham ekologik, ham iqtisodiy jihatdan ulkan imkoniyatdir.

— Uyimizda yoki hovlimizda yovvoyi lolalarni ekip ko‘paytirsak bo‘ladimi?

— Biz buni «Home garden» (uy bog‘i) sifatida tavsiya qilamiz. Lekin bu shunchaki chiroy uchun bo‘lmasligi kerak. Siz davlat va tabiat oldida mas’uliyatni olib, yo‘qolib borayotgan turlarni ko‘paytirib, yana tabiatga qaytarishingiz mumkin. Bu ilmiy va vatanparvarlik ishi bo‘ladi. Ammo do‘konlarda sotiladigan lolalar — ular selektsiya navi, biz gapirayotgan yovvoyi lolalardan farq qiladi.

— Turkiya yoki Gollandiya tajribasidan nimalarni o‘rgansak bo‘ladi?

— Masalan, Istanbulda yiliga 14 million lola ekiladi. Ular gullab bo‘lgach, tashlab yuborilmaydi. Gullari­dan bo‘yoq olinadi, poyalaridan biogaz va o‘g‘it tayyorlanadi. Bu — katta industriya. Bizda 12 million turist kelishi kutilyapti. Agar biz «Lola vataniga kelyapsiz» deb targ‘ibot qilsak va har bir turist 2-3 dollarlik lola ramzi tushirilgan suvenir (znachoklar, ro‘mollar, aksessuarlar) sotib olsa, bu iqtisodiyotga millionlab dollar investitsiya degani.

— Sizningcha, lola O‘zbekistonning yangi milliy brendi bo‘la oladimi?

— Albatta! Ilgari paxta milliy ramzimiz edi. Endi esa lola bo‘lishi kerak. Alisher Navoiy g‘azallaridan tortib milliy atlasimizgacha lola obrazi bor. Bu bizning qonimizda, tariximizda bor narsa. Faqat biz uni biroz esdan chiqardik. Agar biznesmenlar, turfirmalar birlashib, lolani brend sifatida reklama qilsa, bu ham biznes, ham milliy qadriyat, ham minglab ish o‘rinlari demakdir.

Lola — bu shunchaki gul emas, u O‘zbekistonning dunyoga taqdim etgan genetik boyligidir. Uni asrash,tariximizni va kelajagimizni asrash bilan barobar.

Eslatib utamiz bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklarni yoki ularning yashash faoliyati natijasida hosil bo‘lgan ildizlari, piyozbosh­lari, tanalari, poyalari, novdalari, po‘stlog‘i, barglari, g‘unchalari, gullari, urug‘lari, mevalari, sharbat i (elimi) va boshqa mahsulotlarini o‘zboshimchalik bilan yig‘ish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 81-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Madina Botirjonova