Bu illat nafaqat alohida shaxs hayotini izdan chiqaradi, balki jamiyat taraqqiyotiga, davlat xavfsizligiga va eng muhimi – millat genofondiga jiddiy zarar yetkazadi. Ayniqsa, ushbu muammoning yoshlar orasida keng tarqalayotgani har qanday jamiyat uchun og‘riqli signal bo‘lib xizmat qiladi. Zero, yoshlar – bu kelajak poydevori, millat davomiyligini ta’minlovchi asosiy kuchdir.

Mamlakatimizda ushbu muammoga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, Prezidentimizning 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 207-sonli Farmoni alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur farmon narkotik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish, ayniqsa yoshlarni bu balodan himoya qilish, mahallalarda profilaktika ishlarini tubdan kuchaytirishga qaratilgani bilan nihoyatda muhimdir. Ushbu hujjat o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra nafaqat bugungi muammoni hal etishga, balki kelajak avlod salomatligini saqlashga xizmat qiladigan strategik dastur sifatida baholanishi mumkin.

Mahallalarda narkotik va psixotrop moddalar savdosiga qarshi profilaktika va ijtimoiy nazorat kuchaytirilmoqda. Ushbu strategik yondashuv millat genofondini asrash va yoshlarni kiberjinoyatchilik ta’siridan himoya qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Farmonda belgilangan vazifalarning markazida aynan mahalla instituti turishi bejizga emas. Chunki mahalla – jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lishiga qaramay, eng katta ta’sir kuchiga ega ijtimoiy makondir. Aynan shu muhitda yoshlarning dunyoqarashi shakllanadi, ularning ijtimoiy faolligi, hayotiy qarashlari va kelajakka bo‘lgan intilishlari belgilanadi. Agar mahalla sog‘lom bo‘lsa, jamiyat sog‘lom bo‘ladi; agar mahallada muammo bo‘lsa, bu butun jamiyatga ta’sir ko‘rsatadi.

Bugungi kunda narkotik moddalar savdosi an’anaviy shakldan chiqib, yanada murakkab va yashirin tus olmoqda. Xususan, internet, ijtimoiy tarmoqlar va turli messenjerlar orqali amalga oshirilayotgan noqonuniy savdolar yoshlar uchun katta xavf tug‘dirmoqda. Ko‘pincha yoshlar bu jarayonga qiziqish, beparvolik yoki tengdoshlar ta’siri ostida kirib qolmoqda. Ular bu yo‘lning qanday halokatli oqibatlarga olib kelishini anglab yetmaydi. Natijada esa birgina xato qaror butun umrni izdan chiqarishi mumkin.

Narkotik va psixotrop moddalar inson salomatligiga halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Ular nafaqat jismoniy, balki ruhiy holatni ham izdan chiqaradi, insonning irodasini yemiradi, tafakkurini susaytiradi. Eng xavflisi esa bu illatning nasldan-naslga o‘tuvchi salbiy oqibatlari bo‘lib, u millat genofondining buzilishiga olib keladi. Shu sababli narkotik vositalarga qarshi kurashish – bu oddiy huquqiy masala emas, balki milliy xavfsizlik va kelajak taqdiri bilan bog‘liq strategik vazifadir.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, narkotik moddalar tarqalishining oldini olishda faqat jazolash choralarini kuchaytirish yetarli emas. Masalan, Yevropaning ayrim rivojlangan davlatlarida profilaktika ishlari, ayniqsa yoshlar bilan ishlash tizimi yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan. Maktablarda maxsus dasturlar orqali bolalarga narkotiklarning zarari haqida erta yoshdan boshlab tushuntirish ishlari olib boriladi. Sport, san’at va ijtimoiy loyihalar orqali yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, Osiyoning ilg‘or davlatlaridan biri bo‘lgan Singapur tajribasida qat’iy qonunlar bilan bir qatorda, kuchli ijtimoiy nazorat va jamoatchilik mas’uliyati muhim o‘rin tutadi. Bu yerda har bir fuqaro jamiyat xavfsizligi uchun o‘zini mas’ul deb biladi. Natijada narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatlar minimal darajaga tushirilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida esa so‘nggi yillarda “profilaktika va reabilitatsiya” yondashuvi kuchaytirilib, giyohvandlikka chalingan shaxslarni davolash va ularni jamiyatga qaytarishga katta e’tibor berilmoqda.

Ushbu ilg‘or tajribalar shuni ko‘rsatadiki, narkotik muammosiga qarshi kurashish kompleks yondashuvni talab etadi. Ya’ni, huquqiy choralar, profilaktika, tarbiya, ijtimoiy muhit va jamoatchilik nazorati birgalikda olib borilgandagina samarali natijaga erishish mumkin.

Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan 207-sonli farmon aynan mana shunday kompleks yondashuvni o‘zida mujassam etgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Unda mahallalarda profilaktika ishlarini kuchaytirish, yoshlar bilan manzilli ishlash, ularni zararli odatlardan himoya qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi muhim vazifalar belgilangan. Bu esa nafaqat bugungi muammoni hal etishga, balki kelajakda bunday illatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Mazkur farmonning yana bir muhim jihati shundaki, unda faqat davlat organlari emas, balki butun jamiyat – mahalla faollari, ota-onalar, pedagoglar va keng jamoatchilikning hamkorligi nazarda tutilgan. Bu esa muammoni birgalikda hal etish tamoyilining amaliy ifodasidir.

Ayniqsa, yoshlar bilan ishlash masalasida yangi yondashuvlar joriy etilishi muhim ahamiyatga ega. Ularni sportga, ilm-fanga, kasb-hunarga jalb etish, iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish orqali biz ularni turli salbiy yo‘llardan asray olamiz. Chunki, biron mashg‘ulot bilan band bo‘lgan va maqsadga intilayotgan yosh hech qachon zararli odatlar girdobiga tushib qolmaydi.

Ota-onalarning mas’uliyati ham bu jarayonda beqiyosdir. Farzand tarbiyasi – bu nafaqat oilaviy, balki ijtimoiy ahamiyatga ega vazifa hisoblanadi. Farzandning har bir qadami, uning kimlar bilan muloqot qilayotgani, qanday muhitda ulg‘ayayotgani ota-onaning doimiy e’tiborida bo‘lishi lozim. Chunki e’tiborsizlik ko‘pincha katta muammolarga olib keladi.

O‘tgan yilgi jinoyatlar statistikasiga ko‘ra, 2025-yilda respublikada huquq-tartibot idoralarining saʼy-harakatlari natijasida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq 15 412 ta jinoyat va 1 956 ta maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlanib, tezkor tadbirlar natijasida 3 tonna 413 kg narkotik, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy  muomalasiga chek qoʻyilib, isteʼmolga chiqib ketishining oldi olindi. Tahlillarga ko‘ra, kuchli uchlikda narkojinoyatlarning 53 foizi Toshkent shahri (3 986 ta), Fargʻona (2178 ta) va Toshkent (1 954 ta) viloyatlari hissasiga toʻgʻri keldi. Ushbu giyohvandlik vositalarining eng koʻpini “gashish” (48 foiz yoki 1 tonna 470 kg) va “opiy” (27 foiz yoki 819 kg) moddalari tashkil etgan. Shu bilan birgalikda, 14 ta yashirin narkolaboratoriyalar aniqlanib, ularda saqlangan jami 75 kg giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar musodara qilingan. Shu turdagi sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha 11 049 nafar shaxslar javobgarlikka tortildi. Ushbu statistik ma’lumotlarning eng achinarli jihati shundaki, jinoyatchilarning 59 nafarini maktab oʻquvchilari, 124 nafarini esa talabalar tashkil etadi.

2025-yil yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan ushbu raqamlar narkotahdidning nafaqat koʻlami kengayganini, balki uning shakl va geografiyasi transformatsiya boʻlayotganini koʻrsatish barobarida, quyidagi konseptual xulosalarni shakllantirish mumkin:

Birinchidan, urbanizatsiya va xavf kontsentratsiyasi: Narkojinoyatlarning yarmidan koʻpi (53%) Toshkent shahri va unga tutash viloyatlar hamda Fargʻona vodiysiga toʻgʻri kelayotgani, ushbu hududlarda aholi zichligi va logistika imkoniyatlari yuqoriligi bilan bogʻliq. Bu esa profilaktika ishlarini aynan yirik megapolislar va chegaradosh hududlarda "mahallabay" tizimida yanada kuchaytirishni talab etadi.

Ikkinchidan, sintetik xavf va ichki ishlab chiqarish: 14 ta yashirin narkolaboratoriyaning fosh etilishi, narkotik moddalarning nafaqat tashqaridan kirib kelayotgani, balki mamlakat ichkarisida ham ishlab chiqarishga urinishlar borligidan dalolat beradi. Bu esa kimyoviy moddalar aylanmasi ustidan nazoratni yangi bosqichga olib chiqish zaruriyatini koʻrsatadi.

Uchinchidan, genofondga tahdid – Yoshlar omili: Statistikadagi eng xatarli nuqta – 183 nafar oʻquvchi va talabaning ushbu jinoyatlar ishtirokchisiga aylanganidir. Bu raqamlar narkosavdogarlarning asosiy nishoni kelajak avlod ekanligini va taʼlim muassasalarida profilaktika ishlari shunchaki tadbirbozlikdan, real va taʼsirchan himoya mexanizmiga oʻtishi shartligini anglatadi.

To‘rtinchidan, anʼanaviy moddalar ustunligi: Gashish va opiy kabi moddalarning yuqori ulushi (75%) mintaqaviy tranzit xavfi hamon dolzarbligini koʻrsatadi. Biroq, 3, 4 tonnadan ortiq moddalarning musodara qilinishi huquq-tartibot idoralarining operativ salohiyati oshganidan dalolat beradi.

2025-yil statistikasi narkotrafik va isteʼmolga qarshi kurash faqatgina huquqiy jazo bilan emas, balki jamiyatning barcha qatlamlarini safarbar etuvchi ijtimoiy immunitetni shakllantirish orqali samarali boʻlishini isbotlamoqda.

Demak yuqoridagi tahliliy fikrlarlardan shuni ko‘rish mumkinki, aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar nafaqat dolzarb muammoni hal etishga qaratilgan hujjat, balki sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida muhim strategik qadamdir. Uni hayotga to‘liq tatbiq etish orqali nafaqat bugungi xavflarni bartaraf etish, balki kelajak avlod uchun mustahkam va sog‘lom poydevor yaratilishiga zamin yaratadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Primov Baxtiyor,
Toshkent davlat yuridik universiteti,
Sud hokimiyati, advokatura va huquqni
muhofaza qiluvchi organlar  sho‘basi o‘qituvchisi,
yuridik fanlar falsafa doktori (PhD)