Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar U.A. va muqaddam sudlangan M.B. o‘zaro til biriktirib, kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali fermer xo‘jaligi balansidagi “Qo‘shminor” MFY hududida joylashgan 50 sotix yer maydonini fuqaro A.S. nomiga noturar joy sifatida rasmiylashtirib berishni va’da qilgani aniqlangan.

Ular mazkur xizmat evaziga 381 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtda qo‘lga olingan.

Tezkor tadbirning davomida esa Kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limining sobiq boshlig‘i S.A. 1 500 AQSH dollari va 6 million so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.