Bu haqda Madaniyat vazirligi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 2018 yildan buyon har ikki yilda bir marta tashkil etib kelinayotgan nufuzli madaniy forumning asosiy maqsadi Sharq mumtoz musiqa sanʼatining noyob yoʻnalishlaridan biri boʻlgan maqom sanʼatini keng targʻib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yoshlar orasida mazkur sanʼat turiga qiziqishni oshirish hamda xalqaro madaniy va ilmiy-ijodiy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Anjuman doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, maqom ansambllari, xonandalar va cholgʻuchilar oʻrtasida xalqaro tanlov, shuningdek, Oʻzbekiston va xorijning taniqli sanʼatkorlari ishtirokida yakkaxon kontsertlar tashkil etiladi.

Tanlov gʻoliblari diplom va haykalcha bilan birga quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • Gran-pri — 15 ming AQSH dollari;
  • birinchi oʻrin (2 nafar) — har biri 10 ming AQSH dollari;
  • ikkinchi oʻrin (2 nafar) — har biri 7 ming AQSH dollari;
  • uchinchi oʻrin (2 nafar) — har biri 5 ming AQSH dollari.

Shuningdek, «Eng yaxshi maqom xonandasi», «Eng yaxshi maqom cholgʻuchisi», «Eng yaxshi maqom ustasi», «Eng yaxshi maqom targʻibotchisi», «Eng yaxshi yosh maqom ijrochisi» hamda «Eng yaxshi maqom bastakori» nominatsiyalari boʻyicha maxsus mukofotlar ham topshiriladi.

Tashkilotchilar taʼkidlashicha, III Xalqaro maqom sanʼati anjumani milliy musiqa merosini jahon miqyosida keng targʻib etish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va sanʼat sohasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.