Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 7 iyul kuni soat 04:22 atrofida Xatirchi tumanidagi «Angidon» mahallasi Quvray qishlog‘i tog‘ hududida sodir bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, to‘rt nafar fuqaro noqonuniy ravishda oltin qazib olish maqsadida kon hududiga borgan. Ulardan uch nafari noqonuniy qazilgan chuqurlikka tushib ketib, tuproq ostida qolgan. Tashqarida qolgan sherigi zudlik bilan atrofdagilar va Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.
Qutqaruvchilar hodisa joyiga yetib kelguniga qadar mahalliy aholi va tashqarida qolgan fuqaro sa’y-harakati bilan chuqurlikdan bir nafar jabrlanuvchi chiqarib olingan.
FVV qutqaruvchilari tezkor ravishda voqea joyiga yetib borib, tuproq ostida qolgan yana ikki nafar fuqaroni qutqardi.
Qutqarilgan fuqarolarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, keyinchalik davolash uchun tegishli tibbiyot muassasasiga yuborildi.