Ayni paytda ularning sabablarini aniqlash uchun inventar kitoblari, hisob hujjatlari va fond roʻyxatlari oʻzaro solishtirilmoqda.

Bu haqda Fanlar akademiyasi axborot xizmati maʼlum qildi.

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muzey fondlarining koʻchirilishi, muassasa faoliyatining vaqtincha toʻxtatilishi va mavjud binodan kelgusida qanday foydalanilishi yuzasidan turli fikrlar bildirilgan edi.

Fanlar akademiyasi izohiga koʻra, fondlarni koʻchirishdan maqsad milliy adabiy merosni asrab-avaylash, noyob manbalarning butligi va xavfsizligini taʼminlash hamda ularni xatlovdan oʻtkazishdan iborat. Qoʻlyozma va toshbosma manbalar, shuningdek, yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallarni koʻchirish belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda.

847 ta qoʻlyozma, 1 491 ta toshbosma aniqlangan

Akademiya maʼlumotiga koʻra, 2026-yil 9-iyun kuni muzeyning «Nodir qoʻlyozmalar va toshbosmalar» fondida doimiy saqlovda boʻlgan roʻyxat asosidagi 847 nomdagi noyob qoʻlyozma manba Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonasiga joylashtirilgan. Topshirish-qabul qilish ishlari masʼul komissiya ishtirokida oʻtkazilgan.

Birlamchi xatlov jarayonida dastlabki hisob maʼlumotlari bilan aniqlangan ashyolar soni oʻrtasida quyidagi farqlar qayd etilgan:

  • Nodir qoʻlyozmalar — dastlabki hisobda 831 ta, aniqlangani 847 ta.
  • Toshbosma nashrlar — dastlabki hisobda 1 334 ta, aniqlangani 1 491 ta.
  • Yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallar — dastlabki hisobda 173 ta, aniqlangani 189 ta.

Shuningdek, shaxsiy fond boʻyicha 1 450 188 ta hujjat hisobga olingan.

Fanlar akademiyasi taʼkidlashicha, tafovutlarning sabablari toʻliq oʻrganilmasdan turib, ular yuzasidan qatʼiy xulosa chiqarish maqsadga muvofiq emas. Tekshiruv natijalari asosida maʼlumotlar aniqlashtirilib, belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.

Muzey hozirda tashrif buyuruvchilar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilgan. Biroq muassasa xodimlari faoliyatini davom ettirmoqda. Fondlarni xatlovdan oʻtkazish, hujjatlarni aniqlashtirish va muzey ashyolarini muhofaza qilish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

Muzeyning Yangi Toshkent hududida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi binosi foydalanishga topshirilgach, fondlarni u yerga koʻchirish va muassasa faoliyatini davom ettirish koʻzda tutilgan. Hozirgi binoning kelgusida qanday maqsadda foydalanilishi esa vakolatli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda hal etiladi.

Fanlar akademiyasi muzey fondlarini saqlash, ularning hisobini yuritishda aniqlik va shaffoflikni taʼminlash muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, jamoatchilikning muzey faoliyatiga boʻlgan eʼtibori, fikr va takliflari uchun minnatdorlik bildirildi.