Bu Prezidentning 2026-yil 29-sentyabrdagi “Oliy taʼlimda dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–209-son farmonida belgilangan.

Yangi tizim “korxona — oliygoh — maqsadli kadr” tamoyili asosida tashkil etiladi. Bunda korxonalar oʻzlariga zarur mutaxassislarga buyurtma beradi va kelajakda ishga qabul qilish sharti bilan talabalarni tayyorlashda ishtirok etadi.

Talabalar qanday qabul qilinadi?

Dual taʼlim yoʻnalishlari va qabul kvotalari oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan har yili 1-sentyabrga qadar belgilanadi. Nomzodlar esa ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan tanlov asosida saralab olinadi.

Korxona yoʻllanmasi bilan ayrim nomzodlar toʻgʻridan toʻgʻri imtihonsiz oʻqishga qabul qilinishi mumkin. Shuningdek, ish beruvchi buyurtmasi asosida tashkil etilgan saralash imtihonlari natijalariga koʻra ham qabul amalga oshiriladi.

Texnikumlarda oliy taʼlim bilan integratsiyalashgan oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlarini tamomlagan bitiruvchilarga mos bakalavriat yoʻnalishlarining 2 yoki 3-kursidan oʻqishni davom ettirish imkoniyati beriladi.

Talabalarga oylik maosh toʻlanadi

Dual taʼlim oliygoh, ish beruvchi va talaba oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Unga koʻra, korxona talabaga oʻqish davrida oʻzining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik ish haqi toʻlaydi.

Biroq buning evaziga bitiruvchi oʻqishni tugatganidan keyin kamida ikki yil davomida shartnoma tuzgan korxona yoki uning tizimidagi tashkilotda ishlab berishi shart boʻladi.

Oʻqishning katta qismi amaliyotga ajratiladi

Yangi tartibda nazariy va amaliy taʼlim nisbati ham belgilangan. Oʻquv jarayonining kamida 30 foizi nazariy taʼlimga ajratiladi, qolgan qismi esa amaliy tayyorgarlik asosida tashkil etiladi.

Talabalarning korxonalardagi amaliy mashgʻulotlari va ishtiroki CareerEdu platformasi orqali monitoring qilib boriladi.

Davlat va davlat ulushi mavjud korxonalarga ham oliy taʼlim tashkilotlariga dual taʼlim asosida mutaxassis tayyorlash boʻyicha buyurtma berish va xarajatlarni byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoplash huquqi beriladi.

Yana bir muhim jihat: dual taʼlimda tahsil olayotgan talabalarni taʼlimning boshqa shakllariga oʻtkazishga ruxsat berilmaydi. Bunga faqat korxona bilan tuzilgan shartnomada tegishli oʻzgartirish nazarda tutilgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.