Inson umr sahifalarini varaqlar ekan, shubhasiz, oʻziga “Men bu dunyoga nima uchun keldim?”, “Nimalar qildimu, nimalar qila olmadim?”, “Ortimda kimlar, nimalar qolyapti?” degan savollarni berishi tabiiy. Zero, sogʻlom fikrli, insofli, oqil odam haqni botildan, toʻgʻrini yanglishdan, foydani zarardan ajratishi zarur. Keyingi dunyosining ham goʻzal boʻlmogʻi uchun vaqt deb atalmish fursatdan juda unumli foydalanmogʻi lozim.
Shu
fikrlar xayolimdan oʻtyaptiyu, Alloh menga umrim davomida hamnafas, hamroh
qilgan insonlarni oʻylayapman, ular haqidagi shirin xotiralarim esga tushmoqda.
Ha, yaratgan Egam menga har doim aqlli, bilimli, suyukli insonlarni roʻbaroʻ
qildi. Ular juda koʻp. Ana shundaylardan biri mehribon va sadoqatli inson Aziz
aka Toʻrayevdir.
Aziz aka bilan
tanishuvim 1988-yilning oktyabr oyida, paxta mavsumi avj olgan kunlarning
birida boʻlgan. Oʻshanda domla endigina institutga rektor lavozimiga muqobillik
asosida saylangan boʻlib, yangi ish faoliyatining birinchi kunlarini oʻsha
davrning mafkuraviy “quroli”ga aylangan paxta yigʻim-terimi bilan boshlagan
edi.
Domla institutda
24 yil davomida muttasil ishladi. Uning ish faoliyatini bir necha
yoʻnalishlarga boʻlish mumkin. Avvalo, domla katta hayot tajribasiga ega,
kadrlar bilan ishlashning eng nozik jihatlarigacha bilgan, mavjud holatdan
toʻgʻri, bexato xulosa chiqara oladigan rahbar. Buni uning uzoq yillar davomida
mamlakatimizning koʻplab hududlarida turli lavozimlarda halol-pok, millat
manfaatini oʻylagan holda qilgan ishlariyu, unga guvoh kishilar tasdiqlashi
mumkin.
Ish faoliyatini
uzoq choʻl hududlarda boshlagan Aziz aka qaysi lavozimda mehnat qilmasin,
yaxshi odamlar orasida boʻldi, ulardan oʻrgandi. Qariyb chorak asrlik umrini
Toshkent davlat madaniyat instituti rivoji yoʻliga sarfladi. Domla menga
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi sovxozlardan birida oʻsha davrda
rahbar boʻlgan, Oʻzbekiston tarixida oʻziga xos oʻrin egallagan Usmon Yusupov
oʻzining shaxs, rahbar sifatida shakllanishida qanday rol oʻynagani haqida
koʻp marotaba gapirib bergan.
Institutda ishlash
davomida domla bir necha tamoyillarga qatʼiy amal qilgan. Ayniqsa, adolat,
haqiqat, insof Aziz aka hayotidagi eng ustuvor tamoyillar hisoblanadi.
Dastlabki
kunlardanoq domla oʻsha paytlarda institutda muayyan darajada mavjud boʻlgan
adolatsizliklarning payini qirqishga harakat qildi. Adolat tamoyili asosidagi
ishlarni esa birovlarga ozor berish, kimlarnidir norozi qilish evaziga emas,
aksincha, ezgulik, kishilarga mehr koʻrsatish kabi oʻzbekona urf-odatlarimizga
amal qilgan holda bajardi.
Aziz akaning
institutga uzoq yillar davomida rahbarlik qilishi va shuncha davr mobaynida
professor-oʻqituvchilar hurmatiga sazovor boʻlishi sababi nimada deb soʻralsa,
men bu savolga buyuk ajdodimiz Mahmud az-Zamaxshariyning quyidagi soʻzlari
bilan javob bergan boʻlardim: “Ezgulik, xayrli ishlarga astoydil kirish, ularni
paysalga solma, keyin qilarman degan oʻylardan voz kech, shayton yoʻldan
uradigan shoshma-shosharlik bilan emas, tafakkur va idrok bilan ish tut”.
Darhaqiqat, domla
ishni institutda ijtimoiy adolat oʻrnatishdan boshladi. Men oʻsha davrlarni
yaxshi eslayman. Institutda turli amallarga daʼvogar, soxta liderlikni oʻz
qoʻllariga olishga intilgan guruhlar bor edi. Shubhasiz, taʼlim muassasasida
adolat chirogʻini yoqishni oʻz oldiga maqsad qilib kelgan ustozning bu
harakatlari oʻsha guruhlar aʼzolariga maʼqul boʻlmagan. Qisqa vaqt ichida Aziz
akaning fenomeni koʻrindi. Turli guruh aʼzolari oʻzlari bilmagan holda
domlaning saʼy-harakatlariga qoʻshildi, qoʻllab-quvvatladi. Buning sababi esa,
shubhasiz, domlaning kadr masalasida uzoq yillar davomida toʻplagan tajribasi,
bu boradagi bilimini muttasil oshirib borgani edi.
1994-yil yanvar
oyida Aziz aka tashabbusi bilan men institutning tarbiyaviy va ilmiy ishlar
boʻyicha prorektori lavozimiga tayinlandim. Ustoz fenomeni bilan bevosita
tanishuvim aynan shu kunlardan boshlab yanada kuchaydi. Oʻsha paytlarda
institutda 5 mingga yaqin talaba tahsil olar, ularga 400 dan ziyod professor-oʻqituvchi
dars berar edi.
Albatta, bunday
katta jamoani boshqarishning oʻzi boʻlmaydi. Qolaversa, institut
professor-oʻqituvchilarining aksariyati madaniyat va sanʼat xodimlari boʻlgani
bois, ularning koʻngliga yoʻl topish, baʼzan haddan ortiq “qaysar” xodimlarni
yagona maqsad yoʻlida birlashtirishning oʻzi ulkan rahbarlik mahoratini talab
qilardi. Domla buning uddasidan mohirona
chiqdi.
Aziz aka menga
ustozlaridan, xususan, Oʻzbekistonning oʻsha paytdagi birinchi rahbari Sharof
Rashidovdan olgan oʻgitlari haqida koʻp soʻzlab bergan. Ustoz Guliston shahri
partiya tashkiloti birinchi kotibi lavozimida ishlayotgan paytda
respublikaning birinchi rahbari uni huzuriga chorlab, Oʻzkompartiya Markaziy
Qoʻmitasining madaniyat boʻlimini boshqarishni taklif etadi.
Domla esa
madaniyat va sanʼat xodimi emasligi, taklif etilayotgan soha oʻta murakkabligi,
uni boshqarishda qiynalib qolishi mumkinligini aytadi. Rahbar esa madaniyat va
sanʼat sohasi haqiqatan juda ogʻir jabha ekani, har bir shoir, yozuvchi, teatr
aktyori, musiqa arbobi, xullas, barcha ziyolilarning boshini bir joyga jamlash
rahbardan katta masʼuliyat talab qilishini taʼkidlaydi. Ayni paytda Aziz akaga
“Sizning madaniyat boʻlimi boshligʻi sifatidagi vazifangiz barcha
ijodkorlarning soʻziga quloq tutish, ularning dardini eshitish, ijodi uchun
zarur shart-sharoit yaratib berish hamda ularning peshonasini silab turishdan
iborat”, deydi.
Domla xizmat
lavozimini bajarish jarayonida yuzlab madaniyat va sanʼat vakillari,
xalqimizning sevimli ijodkorlari bilan uchrashishiga, suhbatlashishiga toʻgʻri
kelgan. Ularning deyarli barchasi Aziz aka oʻz davrida haqiqatan
ijodkorlarining maʼnaviy homiysi boʻlganini tan olgan.
Ana shu
fazilatlari tufayli domla uzoq vaqt institutdagi rahbarligi davrida oʻziga
yuklangan murakkab ishni aʼlo darajada ado etdi. Natijada ham institut jamoasi,
ham rahbariyat hurmatiga sazovor boʻldi.
Shu oʻrinda
ustozning yana bir sifati haqida alohida toʻxtalishni istardim. Domla har doim
kadrlar zaxirasini toʻldirib borishga, yosh xodimlarni, ularning bilim
saviyasi, tashkilotchilik qobiliyatlarini oʻrganishga eʼtibor qaratgan. Shu
tufayli institutda kadr masalasida deyarli muammo boʻlmas, aksincha, respublikaning
koʻplab madaniyat va sanʼat muassasalariga bizning taʼlim dargohimiz yuksak salohiyatli
mutaxassis, rahbarlar tayyorlab berar edi.
Aziz aka
fenomenining navbatdagi jihatini men uning madaniyat va sanʼat jabhasini ilmiy
jihatdan tadqiq etish, umuman, ilmiy tadqiqot sohasini rivojlantirishga
qaratilgan eʼtiborida koʻraman. Domla rahbarlik qilgan davrda birinchi marotaba
madaniy-maʼrifiy ishlar nazariyasi va uslubi, kutubxonashunoslik va
bibliografiyashunoslik ixtisosliklari boʻyicha ixtisoslashtirilgan kengash
ochildi, qator yosh olimlar yetishib chiqdi. Mirzachoʻlni oʻzlashtirishda yoshlarning
ishtiroki masalalarini chuqur tahlil qilgan ustoz soʻnggi yillarda madaniyat va
sanʼat tarixi va nazariyasini har tomonlama oʻrganishga kirishdi, bu jarayonga
yosh tadqiqotchilarni kengroq jalb eta boshladi.
Oʻsha paytlarda
domla respublikada birinchilardan boʻlib oliy taʼlim muassasalarining xalqaro
hamkorligini yoʻlga qoʻyishga harakat qildi. Jumladan, Rossiya
Federatsiyasining Qozon davlat madaniyat va sanʼat universiteti hamda
Chelyabinsk madaniyat va sanʼat akademiyasi bilan bizning institut oʻrtasida
tuzilgan oʻzaro hamkorlik juda samarali boʻldi. Hamkorlikda oʻnlab ilmiy
tadqiqot ishlari bajarildi, kitoblar nashr etildi, talabalar ayirboshlovi
yoʻlga qoʻyildi. Mazkur hamkorlik bugungi kunda ham davom etib kelyapti.
Shu oʻrinda yana
bir voqea yodimga tushdi. Oʻsha yillari davlatlar oʻrtasidagi kelishuvga binoan
Iordaniyaning 2 fuqarosi institutimiz aspiranturasiga oʻqishga qabul qilingan
edi. Biroq ayrim subyektiv sabablarga koʻra, oʻsha aspirantlarga dissertatsiya
ishlarini oʻz vaqtida yakunlash va himoya qilish imkoniyati cheklanadi.
1995-yilning yoz
oylari edi, domla yetuk olimlar Ergash Yoʻldoshev, Karimjon Rasulov va meni
chaqirib, masalani oʻz vaqtida hal etish lozimligini, bu narsa har ikki davlat
manfaatlariga mos kelishini aytdi. Koʻrilgan choralar tufayli xorijlik
aspirantlar oʻz vaqtida nomzodlik dissertatsiyalarini yoqlab, diplomlarini
olib, oʻz yurtlariga ketdi.
Aziz aka fenomenining oʻziga xos jihatlaridan yana biri
institutda xodimlar qoʻnimiga eʼtibor berishida edi. Gap shundaki, bugun
ayrimlar jamoani yoshartirish bahonasida koʻplab yetuk, mahoratli, tajribali
mutaxassislarni “koʻchaga chiqarib” qoʻymoqda. Bu borada domlaning oʻziga xos
formulasi bor edi.
Ustoz yoshlarga diqqat qaratgan holda
jamoaning asosiy yukini koʻtaradigan oʻrta avlod va yoshlarni tarbiyalashda
bosh boʻladigan keksa avlodni ham hech qachon esdan chiqarmaslik lozimligini
taʼkidlardi.
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirishda
shaxsiy oʻrnakning oʻrni katta. Shuning uchun domla respublikaning koʻzga
koʻringan olim va mutaxassislarini institut oʻquv jarayoniga hech
ikkilanmasdan taklif etar, tajribasidan bajonidil foydalanardi. Oʻzbekiston
xalq artistlari Xayrulla Lutfullayev, Olmaxon Hayitova kabi ustoz
sanʼatkorlarni shaxsan domlaning oʻzi institutga taklif etgan. Pirovard natijada ular mahoratli
pedagog darajasiga erishdi, professorlik ilmiy unvonlariga ega boʻldi.
Ustozning tom
maʼnodagi faoliyati mustaqillik yillarida yanada samarali kechdi. 2017-yilda
“Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi, shuningdek, 2002-yilda “Oʻzbekistonda
xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi”, 2023-yilda “Oʻzbekistonda xizmat
koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvonlariga
sazovor boʻldi. Aziz aka bugungi kunda “Mehr va muruvvat” jamoat fondi
rahbari sifatida samarali mehnat qilmoqda.
Aziz Toʻrayev bugun oʻzining muborak 90
yillik toʻyini nishonlamoqda. Ustozning baxti shundaki, u hamisha oʻz ishiga
fidoyi boʻldi, halol-pok yashadi. Inson uchun bundan ulugʻroq baxt boʻlmasa
kerak.
Abduxalil
MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor