Xorijlik hamkorlar oʻz maktublarida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligini yuksaltirish borasida erishilgan natijalarni qayd etmoqda. Mamlakatimizning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi faol roli, shuningdek, dolzarb xalqaro masalalarni hal etishdagi konstruktiv ishtiroki alohida taʼkidlanmoqda.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlik izchil kengayib borayotgani yuksak baholanmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti va mamlakatimizning koʻp millatli xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaklari bildirilmoqda. Maktub mualliflari doʻstlik munosabatlari va oʻzaro manfaatli sheriklik bundan buyon ham mustahkamlanib borishiga ishonch bildirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi eʼlon qilinganining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Mamlakatingiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish yoʻlidan ishonch bilan bormoqda hamda jahon maydonida haqli ravishda yuksak nufuzga ega.
Rossiya – Oʻzbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik xususiyatiga ega. Moskva va Toshkent oʻrtasida barcha asosiy yoʻnalishlarda sermahsul sheriklik, xalqaro masalalarda samarali oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Ishonchim komilki, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Rossiya va Oʻzbekiston doʻst xalqlari manfaatlari yoʻlida, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida sheriklik aloqalarining butun majmuini yanada kengaytirishni taʼminlaymiz.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq va muvaffaqiyatlar, barcha vatandoshlaringizga esa baxt-saodat va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir Putin,
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident Janoblari!
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sizga va doʻst Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim hamda eng ezgu tilaklarimni izhor etmoqchiman!
Oʻtgan 35 yil davomida, ayniqsa, soʻnggi oʻn yilda Sizning rahbarligingizda Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi. Yangi davrdagi doʻst qoʻshni va har qanday sharoitdagi har tomonlama strategik sherik sifatida Xitoy tomoni bundan samimiy mamnun.
Oʻtgan yili biz Siz bilan ikki bor uchrashib, Xitoy – Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishning yangi rejalarini belgilab oldik. Davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarga alohida eʼtibor qarataman va ikki mamlakat xalqlari farovonligi yoʻlida Xitoy – Oʻzbekiston umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etishni ilgari surish borasida Siz bilan birgalikda saʼy-harakat qilishga tayyorman.
Mamlakatingizga ravnaq va farovonlik, Oʻzbekiston xalqiga esa baxt-saodat, tinchlik va osoyishtalik tilayman!
Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Amerika xalqi nomidan Sizga va Oʻzbekiston xalqiga mamlakatingiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tilaklarimni yoʻllayman. Ushbu shonli sana Oʻzbekistonning boy tarixi va yuksak madaniyatini yana bir bor yodga olish uchun muhim va ayni muddao boʻlgan fursatdir.
Oʻzbekiston muhim va manzilli islohotlarni amalga oshirayotgani sari strategik sherikligimiz ham izchil ravishda kengayib, rivojlanib bormoqda. Oʻtgan yil davomida biz umumiy manfaatlarimizni ilgari surish, jumladan, chegaralarimiz xavfsizligini taʼminlash, ikki tomonlama savdo va investitsiyalarni oshirish, energetika sohasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda mintaqaviy bogʻliqlikni kengaytirish yoʻlida salmoqli ishlarni amalga oshirdik.
Qoʻshma Shtatlar hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini oʻrganar ekan, ikki tomonlama munosabatlarimizni yanada mustahkamlashdan umidvordir. Mustaqillik bayramini nishonlar ekansiz, Sizga va Oʻzbekiston xalqiga eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Hurmat ila,
Donald Tramp,
Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Qozogʻiston xalqi nomidan Sizni va qardosh Oʻzbekistonni Mustaqillikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Mamlakatingizning suveren taraqqiyoti tarixidagi ushbu qutlugʻ sana haqli ravishda oʻzbek xalqining alohida faxr-iftixori hisoblanadi. U millat birligi va jipsligini, barqaror oʻsish va taraqqiyot sari ishonchli harakatni ifoda etadi.
Yurtingizning davlatchilik asoslarini mustahkamlash, barqaror rivojlanishni taʼminlash va xalqaro maydonda oʻz nufuzini qaror toptirish borasidagi ulkan yutuqlari aslida Sizning Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan oqilona va uzoqni koʻzlagan strategiyangiz tufayli amalga oshmoqda.
Qozogʻistonda qardosh Oʻzbekistonning barcha yutuqlari samimiy quvonch bilan qabul qilinadi. Biz xalqlarimizning koʻp asrlik doʻstligi, yaxshi qoʻshnichiligi va oʻzaro koʻmagini yuksak qadrlaymiz. Koʻp qirrali hamkorligimiz misli koʻrilmagan yuksak darajada rivojlanib, strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga toʻla mos kelmoqda.
Ishonchim komilki, kelgusidagi birgalikdagi ishlarimiz erishilgan natijalarni yanada koʻpaytirish va Qozogʻiston – Oʻzbekiston hamkorligini davlatlarimiz ravnaqi yoʻlida yangi choʻqqilarga olib chiqish imkonini beradi.
Ushbu tantanali kunda, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga masʼuliyatli davlat faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Qasim-Jomart Toqayev,
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizni va qardosh Oʻzbekiston Respublikasi xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Sizning oqilona rahbarligingizda Oʻzbekiston chuqur tarkibiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, iqtisodiy oʻsishning barqaror surʼatlarini taʼminlamoqda va xalq turmush darajasini oshirishda salmoqli natijalarga erishmoqda.
Bugungi kunda Qirgʻiziston – Oʻzbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilikning yuksak darajasiga yetdi. Sizning yaqinda Qirgʻizistonga amalga oshirgan davlat tashrifingiz tarixiy voqea boʻlib, ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Bizning birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida chegara masalalari hal etildi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik esa sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.
Bularning barchasi, mening fikrimcha, xalqlarimizning tarixiy va maʼnaviy yaqinligi, shuningdek, qardosh davlatlarimiz oʻrtasidagi yuksak ishonch samarasidir.
Kelishilgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifini amalga oshirish va Qirgʻiziston – Oʻzbekiston sherikligini yanada mustahkamlash imkoniyatini mamnuniyat bilan kutaman.
Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻliq, farovonlik va masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Sadir Japarov,
Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Aziz Shavkat Miromonovich!
Tojik xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Sizga hamda doʻst Oʻzbekistonning birodar xalqiga mamlakat milliy bayrami – Mustaqillik kunining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklarimizni yoʻllash menga ulkan mamnuniyat bagʻishlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida taraqqiyot va ravnaq yoʻlida erishgan yutuqlari koʻlami, shuningdek, uning jahon maydonidagi nufuzi yuksalishi mislsiz va tahsinga sazovor.
Biz tashqi siyosatimizdagi ustuvor yoʻnalish boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolayotgan eng yaqin qoʻshnimizning ushbu yutuqlaridan samimiy quvonamiz.
Tojikistonda mustahkam tarixiy doʻstlik va oʻzaro anglashuv anʼanalariga asoslangan, vaqt sinovidan oʻtgan iliq va mazmunli Tojikiston – Oʻzbekiston munosabatlari yuksak qadrlanadi va ularga katta ahamiyat beriladi.
Biz barcha hamkorlik sohalaridagi ikki tomonlama munosabatlarning konstruktiv muhiti, albatta, ikki qardosh xalqning tub manfaatlariga javob beradigan oʻzaro manfaatli sherikligimizning jadal rivojlanishidan mamnunmiz.
Ishonchim komilki, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan ikki tomonlama munosabatlarimizda mavjud ulkan salohiyatdan toʻliq foydalangan holda strategik sheriklik va ittifoqchilikni bundan buyon ham mustahkamlab boramiz.
Oʻz tomonimizdan bu yoʻnalishda barcha zarur saʼy-harakatlarni amalga oshirishga tayyormiz.
Ushbu qutlugʻ kunda Sizga, aziz Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq, farovonlik va barcha ishlaringizda yangi muvaffaqiyatlar, doʻst Oʻzbekistonning birodar xalqiga esa tinchlik, farovonlik va bardavom taraqqiyot tilayman.
Yuksak hurmat bilan,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Turkmaniston xalqi va Hukumati hamda shaxsan oʻz nomimdan Sizga va Siz orqali Oʻzbekiston Respublikasining butun qardosh xalqiga mamlakatingiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarimni yoʻllash sharafiga muyassarman.
Mustaqil taraqqiyot yillarida Oʻzbekiston Respublikasi davlatchilikni mustahkamlash, xalq farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi.
Hozirgi vaqtda yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va oʻzaro koʻmak tamoyillariga asoslangan Turkmaniston – Oʻzbekiston munosabatlari tobora jadal va izchil tus olib, yuksak oʻzaro ishonch, teng huquqlilik va ochiqlik bilan ajralib turayotganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchiman. Strategik xususiyatga ega Turkmaniston – Oʻzbekiston qardoshlik munosabatlari birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan xalqlarimiz manfaati yoʻlida bundan buyon ham rivojlanib, chuqurlashib borishiga qatʼiy ishonaman.
Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va farovonlik, Oʻzbekiston Respublikasining qardosh xalqiga esa tinchlik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Serdar Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Aziz birodarim!
Shaxsan oʻz nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizga hamda Siz orqali qardosh xalqingizga Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining qutlugʻ 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarimni yoʻllashdan mamnunman.
Mustaqillikka erishilganidan keyingi davrda qardosh Oʻzbekiston har tomonlama va jadal taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi, ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi, xalqaro maydonda va mintaqada yuksak nufuz va hurmat qozondi.
Sizning oqilona rahbarligingiz va strategik qarashlaringiz tufayli mamlakatingizda barcha sohalarda keng koʻlamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi, iqtisodiy taraqqiyotga erishildi, aholi ijtimoiy farovonligi taʼminlandi.
Oʻzbekistonning belgilangan maqsad va vazifalarga erishishi, barcha muvaffaqiyatlari zamirida Sizning tinimsiz mehnatingiz, shuningdek, xalqingizning Sizga boʻlgan yuksak ishonchi va olib borayotgan qatʼiy davlat siyosatingizni qoʻllab-quvvatlashi mujassam. Qardosh mamlakat va ittifoqchi sifatida biz Oʻzbekistonning har bir yutugʻini oʻz yutugʻimiz deb bilamiz hamda bundan faxrlanamiz. Har gal betakror va mehmondoʻst mamlakatingizga tashrif buyurganimda, Oʻzbekistonning muhim yutuqlariga guvoh boʻlaman. Qardosh mamlakatga yaqinda amalga oshirgan davlat tashrifim va Siz bilan uchrashuvimni eng yoqimli taassurotlar bilan eslayman.
Mushtarak tarixiy-madaniy rishtalar, buzilmas doʻstlik va qardoshlik asosida qurilgan Ozarbayjon – Oʻzbekiston munosabatlari bugun oʻzining eng yuksak choʻqqisida. Oʻzbekiston bilan ikki tomonlama aloqalarimizni bundan buyon ham har tomonlama rivojlantirish va chuqurlashtirish biz uchun ustuvor masalalardan biridir.
Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida davlatlararo aloqalarimiz va ittifoqchiligimiz kundan kunga yanada mustahkamlanib, koʻp qirrali hamkorligimiz yangi amaliy mazmun bilan boyib borayotganidan mamnunman.
Ishonchim komilki, biz bundan buyon ham eng katta boyligimiz boʻlgan Ozarbayjon – Oʻzbekiston birligini asrab-avaylash, har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va ittifoqchiligimizni izchil mustahkamlash borasida zimmamizga yuklangan sharafli vazifani birgalikda muvaffaqiyatli ado etishda davom etamiz.
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Ushbu tarixiy kunda Sizning va qardosh Oʻzbekiston xalqining quvonchini baham koʻrib, Sizga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, oliy davlat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston Respublikasiga esa barqaror farovonlik, ravnaq va taraqqiyot tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari, aziz qardoshim!
Oʻzbekistonning Mustaqillik bayrami munosabati bilan Siz Oliy Janoblari va Siz orqali qardosh oʻzbek xalqini eng samimiy tilaklarim bilan muborakbod etaman.
Strategik sherigimiz Oʻzbekistonning mustaqillikka erishganidan buyon oʻtgan 35 yil ichida, xususan, soʻnggi yillarda Sizning oqilona rahbarligingizda erishgan yutuqlari va xalqaro miqyosda qozongan obroʻ-eʼtiboridan biz ham faxrlanamiz.
Siz Janobi Oliylarining katta hissangiz va saʼy-harakatlaringiz bilan yaqin hamkorligimiz ham ikki tomonlama, ham, avvalo, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa koʻp tomonlama xalqaro platformalarda kengayib, tobora rivojlanayotganini koʻrish quvontiradi. 2026-yil 29-yanvar kuni Turkiyada oʻtkazilgan Turkiya – Oʻzbekiston Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yigʻilishi mustahkam sherikligimizning muhim natijasidir.
Shuningdek, Anqarada 2026-yil 29-30-oktabr kunlari oʻtkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti va Antaliyada 2026-yil 11-12-noyabr kunlari boʻlib oʻtadigan COP31 rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi doirasida Siz, aziz birodarimni mamlakatimizda kutib olishdan mamnun boʻlaman.
Shu fursatdan foydalanib, Oʻzbekistonning Mustaqillik bayrami munosabati bilan yana bir bor tabriklab, Siz Janobi Oliylariga sogʻliq va baxt, doʻst va qardosh oʻzbek xalqiga omonlik va farovonlik tilab, eng ezgu niyatlarimni takror izhor etaman.
Rejep Tayyip Erdogʻan,
Turkiya Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizni va Oʻzbekiston xalqini Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklayman.
Oʻtgan yillar davomida mamlakat suverenitetni mustahkamlashda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Siz olib borayotgan siyosiy yoʻlning toʻgʻri va samarali ekanidan davlatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, fuqarolar farovonligining yuksalishi va respublikaning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani dalolat beradi.
Minsk va Toshkent oʻrtasidagi buzilmas doʻstlik va oʻzaro ishonch strategik sheriklik ruhidagi koʻp qirrali Belarus – Oʻzbekiston hamkorligini chuqurlashtirish va kengaytirishning bundan buyon ham mustahkam garovi boʻlishiga ishonaman.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va masʼuliyatli davlat lavozimida yangi muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston aholisiga esa tinchlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Aleksandr Lukashenko,
Belarus Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni munosabati bilan Misr xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Siz Janobi Oliylariga va doʻst oʻzbek xalqiga samimiy tabriklarim va ezgu tilaklarimni yoʻllashdan behad mamnunman.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi munosabatlarning yuksak darajasini alohida taʼkidlayman. Xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida turli sohalardagi hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish uchun qator masalalar boʻyicha muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyorligimni yana bir bor tasdiqlayman.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari, Sizga baxt-saodat va muvaffaqiyat hamda doʻst Oʻzbekiston xalqiga doimiy farovonlik va ravnaq tilab qolaman.
Eng yuksak ehtirom bilan,
Abdulfattoh as-Sisi,
Misr Arab Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Bismillohir rahmonir rahim.
Mamlakatingizning Mustaqillik kuni munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini, shuningdek, Oʻzbekiston Hukumatini hamda doʻst va birodar xalqini chin yurakdan tabriklayman.
Chuqur tarixiy-madaniy va sivilizatsion bogʻliqliklarga ega boʻlgan Eron Islom Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi doimo oʻzaro hurmat va umumiy manfaatlarga asoslangan aloqalarni amalga oshirib kelganlar.
Aminmanki, oʻzaro yaqin maslahatlashuvlarni davom ettirish va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali Eron Islom Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik yanada rivojlanib, savdo, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, sanoat, texnologiyalar, turizm, ilmiy va madaniy almashuv sohalaridagi mavjud keng salohiyat ikki xalqning oʻzaro manfaatlarini taʼminlash hamda mintaqada barqarorlik, farovonlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash yoʻlida yanada koʻproq roʻyobga chiqariladi.
Eron Islom Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasini Markaziy Osiyodagi muhim va ishonchli sherik deb biladi hamda oʻzaro aloqalarni har tomonlama chuqurlashtirish, ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro darajalardagi hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan azm-u qarorini taʼkidlaydi.
Qodir Egamdan Siz Janobi Oliylariga sogʻliq va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston Respublikasining doʻst va birodar xalqiga esa doimiy obroʻ-eʼtibor, shon-sharaf, taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.
Masʼud Pezeshkiyon,
Eron Islom Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni munosabati bilan Pokiston xalqi va Hukumati hamda shaxsan oʻz nomimdan samimiy tabriklarimni yoʻllayman.
Pokiston eʼtiqodimiz mushtarakligi, chuqur tarixiy rishtalar va abadiy madaniy yaqinlikka asoslangan Oʻzbekiston bilan qardoshlik munosabatlariga katta ahamiyat beradi.
Siz Janobi Oliylarining joriy yil boshida Pokistonga amalga oshirgan unutilmas va samarali tashrifingizni mamnuniyat bilan eslayman. Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi doirasida oʻtkazilgan samarali muzokaralar va erishilgan kelishuvlar savdo, investitsiyalar, mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik, energetika, taʼlim, turizm va xalqlarimiz oʻrtasidagi almashinuv sohalaridagi hamkorligimizga yangi surʼat bagʻishladi.
Siz Janobi Oliylariga Pokistonning Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali strategik sheriklikni oʻzaro manfaatli barcha sohalarda doimiy hamkorlik va yaqin muvofiqlashuv orqali yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qatʼiy ekanini yana bir bor taʼkidlamoqchiman.
Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga mustahkam salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va ravnaq tilab, samimiy duolar qilaman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Shahboz Sharif,
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident Janoblari!
Qadrli Shavkat Miromonovich!
Oʻzbekiston oʻz mustaqilligining 35 yilligini nishonlayotgan ushbu qutlugʻ ayyomda Sizga oʻzimning eng samimiy tabriklarimni, xalqingizga esa farovonlik va ravnaq tilaklarimni yoʻllashdan mamnunman.
Oʻzaro tashriflarimiz davomi sifatida Fransiya Oʻzbekiston bilan energetika, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim va shahar infratuzilmasi kabi muhim ahamiyatga ega sohalarda ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida yelkadosh boʻlib kelmoqda.
Siz bilan hamkorligimizning surʼati va koʻlamini yanada kengaytirish hamda mustahkamlashga qatʼiy qaror qilganman. Shu munosabat bilan joriy yilda oʻzining bir yilligini nishonlayotgan strategik sherikligimizning amaliy ifodasini mamnuniyat bilan olqishlayman.
Siz jahon miqyosida eʼtirof etilgan buyuk astronomlar Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulugʻbeklarning faoliyatining uzviy davomi sifatida kosmik dasturni rivojlantirishni ustuvor vazifalardan biri sifatida belgiladingiz. Ushbu tarixni Siz bilan birgalikda davom ettirish maqsadida joriy yilning 9-10-sentabr kunlari Parij shahrida boʻlib oʻtadigan koinot masalalariga bagʻishlangan xalqaro sammit doirasida Siz bilan koʻrishish sharafiga muyassar boʻlishdan umidvorman.
Muhtaram Prezident Janoblari, Sizga boʻlgan yuksak hurmat va ehtiromimni qabul qilishingizni soʻrayman.
Samimiy doʻstona tilaklar bilan,
Emmanuel Makron,
Fransiya Respublikasi Prezidenti
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janoblari!
Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan Sizga va oʻzbek xalqiga samimiy tabriklarimni yoʻllayman.
Meni hamda delegatsiyam aʼzolarini samimiy qabul qilganingiz uchun Sizga yana bir bor minnatdorlik bildirmoqchiman. Siz bilan boʻlib oʻtgan ochiq va konstruktiv fikr almashinuvi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning yanada chuqurlashuviga muhim hissa qoʻshdi.
Sizning rahbarligingizda olib borilayotgan islohotlar siyosatida Sizga kelgusida ham katta muvaffaqiyatlar tilayman va ishontirib aytamanki, Germaniya bu borada kelajakda ham Sizga sheriklarcha hamrohlik qiladi.
Sizga eng ezgu tilaklarimni yoʻllagan holda, oʻzbek xalqiga erkinlik, xavfsizlik va farovonlikda osoyishta kelajak tilayman.
Frank-Valter Shtaynmayer,
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti
* * *
Shuningdek, quyidagilar oʻz qutlovlarini yoʻlladi:
Qozogʻiston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev,
Ozarbayjon Respublikasining Birinchi vitse-prezidenti Mehriban Aliyeva,
Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan,
Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud,
Malayziya Podshohi Sulton Ibrohim,
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim,
Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri oʻrinbosari, Prezident devoni raisi Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon,
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,
Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich,
Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs-Musar,
Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini,
Latviya Respublikasi Prezidenti Edgars Rinkevichs,
Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay,
Bolgariya Respublikasi Prezidenti Iliyana Yotova,
Avstriya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Van der Bellen,
Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Gi Parmelen,
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qiroli Charlz III,
Niderlandiya Qiroli Villem-Aleksandr,
Rim-katolik cherkovi rahbari Lev XIV,
San-Marino Respublikasi kapitan-regentlari Aliche Mina va Vladimiro Selva,
Yaponiya Imperatori Naruxito,
Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux,
Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti To Lam,
Singapur Respublikasi Prezidenti Tarman Shanmugaratnam,
Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun,
Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos,
Mavritaniya Respublikasi Prezidenti Muhammad ash-Shayx al-Gʻazvoniy,
Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Asad Majid Xon,
Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha,
Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Anda Filip,
UNESСO Bosh direktori Holid al-Ananiy,
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze,
“Markaziy Osiyo – Xitoy” formati Bosh kotibi Sun Veydun,
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati Raisi Bakitjan Sagintayev,
ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Ularbek Sharsheyev,
Xalqaro migratsiya tashkiloti Bosh direktori Emi Poup,
Amerika Qoʻshma Shtatlari Kongressi Senati aʼzosi Stiv Deyns,
Amerika Qoʻshma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi aʼzolari Kerol Miller, Jo Vilson, Don Bekon, Ronni Linn Jekson, Ron Estes, Brayan Mast, Adam Smit va Ami Bera,
Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati, Oʻzbekiston madaniyati elchisi Gunay Afandiyeva.
Qutlovlar kelishda davom etmoqda.